Yangi ma’rifiy muassasalar tashkil etilmoqda
Mamlakatimizda tashkil etilayotgan ma’rifiy-madaniy maskanlar yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning ajdodlarimiz hayoti, ibratli faoliyatiga oid bilimlarini boyitishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 13 apreldagi qarori bilan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi muzeyi hamda Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyini tashkil etishga oid tashabbuslar ham ayni ezgu maqsadlarni ko‘zlamoqda.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti davlat muzeyi davlat muassasasi shaklida, Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi esa "Samarqand" davlat muzey-qo‘riqxonasi filiali sifati tashkil etilmoqda.
Qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Nukus shahar, Ch.Abdirov ko‘chasi, 1-uy manzilidagi bino va inshootlarini mol-mulki va boshqa moddiy boyliklari bilan birga bir oy muddatda muzeyga operativ boshqaruv huquqi asosida berilishini ta’minlaydi.
Samarqand viloyati hokimligi tomonidan esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Madaniyat vazirligi bilan birga Samarqand shahar, Mirsaid Baraka ko‘chasidagi 47-uy manzilida joylashgan bino va inshootlar "Samarqand" davlat muzey-qo‘riqxonasiga operativ-boshqaruv huquqiy asosida tekinga berilishi ta’minlanadi. Ushbu ob’ektga uy-muzey bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur muzey va uy-muzeylarda Berdaq va Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti,ibratli faoliyati, ijodiy merosiga oid ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, ijodkor ziyolilar, olimlar bilan uchrashuvlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
N.Usmonova, O‘zA