Yangi ma’muriy bino – taraqqiyot va innovatsiya timsoli
Xorazm viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining yangi ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.
Binoning tantanali ochilish marosimida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari so‘zga chiqib, yangi bino inspeksiya xodimlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, faoliyat samaradorligini oshirish hamda qurilish va kommunal sohasida davlat nazoratini sifatli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Yangi ma’muriy bino zamonaviy arxitektura yechimlari asosida barpo etilgan bo‘lib, barcha zarur standart va talablarga muvofiq holda jihozlangan. Binoda xodimlar uchun qulay va samarali ish muhiti yaratilgan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlangan xizmat xonalari, fuqarolarni qabul qilish uchun alohida qabul zallari hamda ish jarayonlarini yuqori darajada tashkil etish imkoniyatlari mavjud.
– Prezidentimizning olib borayotgan oqilona siyosati tufayli boshqaruv tashkilotlari uchun qator imtiyoz va qulayliklar yaratilmoqda. Bu esa aholimiz farovonligining oshishiga xizmat qilmoqda, – deydi Hududiy inspeksiya boshlig‘i Sherzod Otayev. – Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari maxsus formali kiyim-boshlar hamda bodikamera va planshetlar bilan to‘liq ta’minlandi. Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan mazkur ma’muriy bino ham inspeksiya xodimlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, ish samaradorligini oshirish hamda qurilish va uy-joy kommunal sohasida amalga oshirilayotgan ishlar sifati va qonuniyligini nazorat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi bino foydalanishga topshirilishi bilan soha fidoyilari, nuroniylar, hamkor tashkilot vakillari yangi ma’muriy binoda yaratilgan imkoniyatlar, xizmat xonalari, fuqarolarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan sharoitlar hamda xodimlar faoliyati uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, 80 nafar xodimlarning ish jarayonlari, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish holati hamda ish faoliyatini tashkil etish tizimi bilan tanishishdi.
[gallery-29223]
– Oldingi bir qavatli eski binoning foydali maydoni juda kam bo‘lgan, – deydi Hududiy inspeksiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yo‘ldoshboy Hakimov. – Yangi bino 2 qavatli bo‘lib, binoning foydali maydoni 1 ming 137 kvadrat metr bo‘lib, jami 21 xonadan iborat. Bu yerda hududiy inspeksiya imkoniyatlari ancha kengaydi. Shu bilan birga, raqamlashtirish jarayonlari doirasida tashkil etilgan onlayn kuzatuv markazi faoliyati taqdim etildi. Mazkur markaz orqali qurilish ob’ektlarini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, inspektorlarning bodi-kameralari orqali olinayotgan tasvirlarni ham markazlashgan holda nazorat qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbir davomida mazkur bino hududiy inspeksiya faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishi, qurilish va uy-joy kommunal sohasida davlat nazoratini kuchaytirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari