Yangi loyihalar sanoat hamkorligini kengaytirmoqda
Zamonaviy metallurgiyada raqobatbardoshlik nafaqat ishlab chiqarish quvvatlari, balki xomashyoni chuqur qayta ishlash, barqaror resurs va energiya ta’minoti hamda samarali logistika tizimiga ham bog‘liq. Shu sababli, xalqaro texnologik va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish sanoatni rivojlantirishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari doirasida “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya “China North Industries Corporation” – “NORINCO” rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi.
Unda korxonaning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi doirasida mineral resurslarni o‘zlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va barqaror resurs bazasini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarda texnogen resurslar tarkibidagi qimmatli komponentlarni qayta ajratib olish, ikkilamchi xomashyoni ishlab chiqarish aylanmasiga qaytarish va bu jarayonlarga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, yirik sanoat loyihalarining samaradorligi ishlab chiqarish quvvatlarigina emas, balki ularning energetika va transport infratuzilmasi bilan ta’minlanganiga ham bog‘liq. Shu bois, muzokaralarda yangi ob’ektlarni uzluksiz energiya bilan ta’minlash, zamonaviy energetik texnologiyalarni joriy etish, transport-logistika tizimini takomillashtirish hamda xomashyo va tayyor mahsulot tashish jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlariga ahamiyat qaratildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, “NORINCO” bu yo‘nalishlarda katta xalqaro tajribaga ega korporatsiyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya konchilik va mineral resurslar, neft-gaz, energetika, muhandislik, transport infratuzilmasi, sanoat ishlab chiqarishi hamda investitsiya loyihalari kabi qator sohalarda faoliyat yuritadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA