Yangi loyiha: dillarga taskin qoʻshiqlar...
Bugungi ogʻir kunlarda qiyinchiliklar, qalbdagi gʻashliklarni, sarosimalarni lahzaga boʻlsa-da unutishga aynan shunday jonli konsertlar yaqindan yordam bermoqda.
Kuni kecha Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning onlayn konsertini nainki mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham musiqa ixlosmandlari katta qiziqish va eʼtibor bilan tingladi.
Bugungi ogʻir kunlarda qiyinchiliklar, qalbdagi gʻashliklarni, sarosimalarni lahzaga boʻlsa-da unutishga aynan shunday jonli konsertlar yaqindan yordam bermoqda.
Toʻgʻrisi, sinovli kunlarning avvalida “bunday qiyin damlarda konsertning kimga keragi bor, quloqqa qoʻshiq yoqmay turibdi oʻzi“ deguvchilar ham topildi. Lekin voqelik bu kabi oʻylarning mutlaqo puch ekanini koʻrsatdi.
Aksincha, bunday jonli ijrodagi onlayn konsertlar har qachongidan ham kerak ekani yaqqol ayon boʻlmoqda. Barchaning ruhiyati, kayfiyati imkon qadar koʻtarilmoqda. Koʻngilda xotirjam, gʻuborsiz, osuda kunlarga ishonch yana-da ortmoqda.
.. .Xonanda yuraklarni sel qilib kuylamoqda. “Alla“, “Bolaligim, seni sogʻindim“, “Yana bahor“, “Nastarin“, “Ikki daraxt“... Xazin, joʻshqin, lekin bari gʻoyat ajoyib qoʻshiqlar. Ijrosi orqali barchaga tinchlik, omonlik, sogʻlik, sabr, sabot tilaydi. Sanʼatkorning raqslari ham jozibali, maftunkor. Manaman degan raqqosalar ijrosini ortida qoldirib yuboradi.
Ha, qalbga koʻtarinkilik, zavq ulashuvchi bunday musiqiy guldastalar bugun har qachongidan ham odamlarga kerak. Zero, hayotimiz faqatgina bir qop kartoshka yo guruchdan iborat emas!