Yangi korxonada 200 kishi ishli bo‘ldi
Andijon viloyati Shahrixon tumani Yangi Vaxm mahallasida yiliga 60 ming tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ish tushdi.
Korxona ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov barchani mamlakatimiz Bosh Qomusining 30 yillik bayrami bilan muborakbod etdi. Keyingi yillarda yurtimizda, xususan, Andijon viloyatida sanoatni rivojlantirish, yangi korxonalar barpo etish, mavjud korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, barqaror ishlashi uchun zarur imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganligi natijasida viloyatda ana shunday korxonalar soni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga ortib borayotganligini ta’kidladi.
[gallery-9884]
Umumiy qiymati 25 milliard so‘mga teng loyiha doirasida Shahrixon tumanidagi “Sahovat teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilgan mazkur korxonada yiliga 60 ming tonna sifatli o‘simlik yog‘i ishlab chiqariladi.
– Ishlab chiqarishga ilg‘or, zamonaviy texnologiyalar joriy etilgan, – deydi korxona rahbari Omonulla Hoshimov. – Mahsulotlarimizning asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi. Yiliga 2 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan. Zamonaviy ko‘rinishga, barcha qulayliklarga ega korxonaning ishga tushishi bilan 200 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ishchi-xizmatchilarning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Korxonada yog‘ mahsulotlari bilan birga, yiliga chorva hayvonlari uchun 1 ming 800 tonna kunjara va ming tonna sheluxa mahsulotlari ham ishlab chiqariladi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA