Yangi ish o‘rni yaratish eng muhim vazifa
Buxoro viloyati Jondor tumanida Rossiya Federatsiyasining "Ekzim Agro Logistik" zamonaviy issiqxonasini barpo etish maqsadida 4,8 million AQSH dollari miqdorida sarmoya jalb qilingan. Loyihaning birinchi bosqichida 3 gektarni tashkil etgan ob’ektda qurilish va tashkiliy ishlar 68 foizga bajarilgan. Xorijdan zarur ilg‘or texnologiya kiritilgan.
Yana bir xuddi shunday loyiha Afg‘oniston Respublikasi sarmoyadorlari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan "Aria Agro Invest Compani” qo‘shma korxonasidir. Bunda bug‘doyni qayta ishlash tegirmoni va qo‘shimcha loyihada kir yuvish kukuni ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 2 million AQSH dollarga teng bitim imzolangan. Muhimi, yuqoridagi har ikki loyihani amalga oshirilishi natijasida yuzdan ortiq mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlanadi.
Tumanda joriy yil yanvar – iyul oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 368,1 milliard so‘mni, o‘sish sur’ati 107 foizni tashkil etgan. Hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chikarish hajmi 233 milliard, qurilish-pudrat ishlari hajmi 240,3 milliard, chakana savdo aylanmasi hajmi 305 milliard, xizmatlar hajmi 305,4 milliard so‘mni tashkil qilgan.
Aholi jon boshiga hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 314 million so‘mni, qurilish-pudrat ishlari hajmi 1 milliard 357 million so‘mni, chakana savdo aylanmasi hajmi 1 milliard 726 million so‘mni tashkil etgan. Yil yakuniga qadar tumandan 7,8 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilish ko‘zda tutilgan. Bu asosan qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat hamda yengil sanoat to‘qimachiligi mahsulotlaridir. Bu jarayonda yaxlit sanoat mahsulotlari eksporti 5,8 million AQSH dollarni tashkil etadi. E’tiborli jihati, shu yil o‘tgan davrida mo‘ljallangan eksport reja–ko‘rsatkichi 3,8 million AQSH dollariga, ya’ni 87 foizga uddalanganini ko‘rish mumkin. Eksportga yo‘naltiriladigan qishloq xo‘jaligi — sabzavot-poliz mahsulotlari asosan kuz oylarida pishib yetilishini inobatga olsak, yil yakuniga qadar jami 7,8 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksportga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarga to‘xtalsak, joriy yildagi reja 13 million AQSH dollarini tashkil etib, birinchi yarim yillikda 8,9 million AQSH dollariga teng qiymatdagi mablag‘ o‘zlashtirilgan. Tumanda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida kichik biznes sub’ekti soni 2 ming 443 taga yetkazilgan bo‘lsa, mazkur tadbirkorlik sub’ektlarining 1 ming 9 tasi yoki qariyb yarmi so‘nggi uch yilda tashkil topgan va ayni kunda o‘nlab, yuzlab oilalar moddiy manfaatdorligiga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida esa hududda biznes faoliyatini boshlagan tadbirkorlik sub’ekti 261 tani tashkil etdi. Yil yakuniga qadar yana 221 ta yangi tadbirkorlik sub’ektini tashkil etish va jami 500 dan ortiq ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA