Yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda
Qiziltepa tumanida xorijiy investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish va yangi ish o‘rinlari yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda tumanda 19 ta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki eksport salohiyatini yuksaltirish va yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirishga ham xizmat qilmoqda.
“SVS NAVOIY” MCHJ XK tomonidan amalga oshirilgan “Qurilish uchun lateks qoplamali paxta qo‘lqoplar ishlab chiqarish” loyihasi ana shunday istiqbolli loyihalardan biridir. Korxonaning Rossiya bozoridagi ulushi 25 foizni tashkil etadi. Loyiha doirasida 2 500 ta ish o‘rni yaratilgan.

Ayni paytda amalga oshirilayotgan loyihaning qiymati esa 60 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyihaga 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilingan. Korxona uchun zarur uskunalar Armaniston va Xitoydan olib kelinmoqda. Hozirda uskunalarning 75 foizga teng qismi o‘rnatildi. Qurilish ishlari to‘liq bajarilgandan so‘ng yana 900 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Korxona tomonidan qurilishda muhim bo‘lgan g‘isht, blok va beton bilan ishlashda qo‘lning sirpanmasligini ta’minlash, qo‘lni sementning zararli ta’siridan himoya qilish hamda lateks qoplamasi orqali namlik o‘tkazmaslik xususiyatiga ega 6 turdagi, 220 million juft har xil turdagi va lateks qoplamali qurilish qo‘lqoplarini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Mazkur ishlab chiqarish korxonasi to‘liq quvvat bilan ish boshlagandan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlarining har xil turdagi va lateks qoplamali qurilish qo‘lqoplariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri