Yangi imkoniyatlar ishga solinmoqda
Toshkent viloyatining qulay iqlimi, serhosil yerlari qishloq xo‘jaligini har tomonlama rivojlantirish imkonini beradi.
Toshkent viloyatining qulay iqlimi, serhosil yerlari qishloq xo‘jaligini har tomonlama rivojlantirish imkonini beradi. Shu boisdan keyingi yillarda sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, meva-sabzavotchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, aholining tomorqalardan samarali foydalanishini ta’minlash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qibray tumanida 8 ta, Parkent tumanida 14 ta kooperatsiya birlashmasi tashkil etildi. Ushbu kooperatsiyalarda jami 857 ta: 820 nafar fermer va qishloq xo‘jaligi korxonasi, 18 ta qayta ishlash korxonasi, 14 ta eksportyor, 5 ta tayyorlovchi tashkilot pay ulushlari hisobidan ixtiyoriy birlashgan. Ularga 15 ming 754 gektar yer maydoni biriktirilgan. Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra kooperatsiyalar tomonidan 55 ming 832 tonna mahsulot yetishtirildi.
Bugungi kunda viloyatning meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarida fermerlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi 5 806 ta korxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularda 50 ming 103 nafar kishi mehnat qilmoqda. Viloyatdagi 135 nafar eksportyor tomonidan xorijiy mamlakatlarga 104 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 262 ming 54 tonnaga teng bo‘lgan 92 ta qayta ishlash korxonasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Shuni ham qayd etish kerakki, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanmaslik, yerga nisbatan xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lish holatlari hamon uchrab turibdi. Bu haqda gap ketganda, viloyatning meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan 8 ta tumanida o‘tkazilgan xatlovda 23 ming 703 gektar bog‘ maydonidan 3 ming 704 gektari, 12 ming 915 gektar tokzordan 389 gektari samarasiz ekanligini ta’kidlash joiz.
Bunday holatlarga chek qo‘yish maqsadida kelgusi yilda samarasiz qishloq xo‘jalik yerlari o‘rniga bog‘zorlar, tokzorlar tashkil etish, sabzavot, poliz, dukkakli hamda moyli ekinlar ekish rejalashtirilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun 416 milliard 21 million mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Kelgusi yilda mahsulot yetishtirishni yanada ko‘paytirish maqsadida 7 ming 323 nafar fermer xo‘jaligi 98 ta eksportyor va mahsulotni qayta ishlovchi korxonaga biriktirildi. Ular 238 ming 952 tonna mahsulot yetishtirishni rejalashtirgan. Albatta, yuqoridagi kabi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasining dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Bulardan ko‘zda tutilgan maqsad sohani yanada rivojlantirish, el-yurt farovonligini ta’minlash va aholining daromadini oshirishdan iboratdir.