Yangi farmon: soliq tizimida institutsional o‘zgarishlar va yangi imkoniyatlar
Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy iqtisodiyotimiz, jumladan, soliq tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida soliq organlari faoliyati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bugun soliq tizimi tekshiruvchi emas, balki xizmat ko‘rsatuvchi, tadbirkor va aholiga ko‘mak beruvchi tizim sifatida shakllanib bormoqda.
Ayniqsa, soliq sohasini isloh qilish, uning samaradorligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida qonunchilik bazasining takomillashib borayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, joriy yilning 19-may kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon soliq tizimida yangi davrni boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur farmon bilan soliq organlari faoliyati zamon talablari asosida takomillashtirilib, davlat va soliq to‘lovchilar o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Raqamli texnologiyalardan keng foydalanish orqali esa xizmatlar sifati yanada yaxshilanadi.
Farmonning eng muhim jihatlaridan biri 2030-yilga qadar Jahon bankining “Business Ready” (B-Ready) reytingida soliq yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajaga chiqish vazifasi belgilanganidir. Bu esa mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinishi tadbirkorlar uchun katta yengillik bo‘ladi. Soliq xavfi o‘rta bo‘lgan soliq to‘lovchilarga aniqlangan xavflar haqida xabarnoma yuborilib, kamchiliklar 1 oy ichida bartaraf etilsa, soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.
Yana bir muhim yangilik yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlariga dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati “Soliq-servis” AJ tomonidan bepul amalga oshirilishidir. Bu esa yangi biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam hisoblanadi.
2026-yil 1-avgustdan soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi. Bu orqali soliq to‘lovchilar xizmatlar sifati, qulayligi, soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Farmonda qishloq xo‘jaligi sohasiga ham yengilliklar nazarda tutilgan. Xususan, 2027-yil 1-yanvardan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha soliq vakolatli organlar ma’lumotlari asosida hisoblanadi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.
Jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yo‘naltirilgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlarini proaktiv tartibda qo‘llash mexanizmining joriy etilishi ham aholi uchun katta qulaylik yaratadi.
Farmonda kadrlar siyosatiga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2026-2027 o‘quv yilidan Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etiladi. Bu orqali soha uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi.
Shu bilan birga, soliq sohasida alohida tashabbus ko‘rsatgan xodimlar uchun “Soliq xizmati fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi, xalqaro sertifikatlarga ega mutaxassislarga ustamalar joriy qilinishi sohada inson kapitaliga berilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir.
Eng muhimi, mazkur farmon orqali soliq ma’muriyatchiligida inson omilini qisqartirish, elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, tahlil va nazorat mexanizmlarini avtomatlashtirish kabi vazifalar belgilanmoqda. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay, adolatli va shaffof muhit yaratishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, mazkur farmon Yangi O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sog‘lom biznes muhitini shakllantirish va davlat boshqaruvida zamonaviy yondashuvlarni qaror toptirish yo‘lidagi muhim huquqiy asoslardan biridir.
Sunnatulla Nazarov,
Navoiy viloyati Soliq boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA