Xususiylashtirishda ochiqlik va oshkoralik ustuvor
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida “Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi va birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi. Xususiylashtirish – iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirib, mulkdorlar ko‘payishiga yo‘l ochadi. Shu bois, mamlakatimizda so‘nggi yillarda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Taraqqiy topayotgan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda xususiy mulk ustuvorligi tan olinishi hisobiga o‘n yil ichida 1,2 trillion so‘mlik davlat aktivlari sotilgan bo‘lsa, o‘tgan 2022 yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 11,3 trillion so‘mga yetdi. Ya’ni, so‘nggi bir yilda o‘n yil davomida qilingan ishlardan 10 karra ko‘p natijaga erishildi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarda ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida oxirgi uch yilda ustav fondida davlat ulushi mavjud 300 ga yaqin xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari va 1 600 dan ortiq ko‘chmas mulk ob’ektlari xususiylashtirildi. 650 dan ortiq korxonalar tugatilib, 160 tasi qayta tashkil etildi. Ayni paytda xususiylashtirishning tarmoqlar hamda hududlar kesimidagi tahlili shuni ko‘rsatdiki, bu boradagi ishlar hamma joyda ham bir maromda ketmayapti. Ushbu yo‘nalishda erishilgan yutuq va kamchiliklar hamda ularning yechimiga oid tashabbuslar joriy yilning 24 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tanqidiy-tahliliy muhokama qilingan edi.
Davlat mulkini xususiylashtirish ishlarining ijrosi va bu boradagi rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish natijasiga ko‘ra, Prezidentimizning “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi. Sohada erishilayotgan yutuqlar, muammolar bilan bir qatorda mulkchilikning turli shakllarini rivojlantirish, davlat mulklarini xususiylashtirishga qaratilgan asosiy qonun – 1991 yilda qabul qilingan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunini davr talablari asosida takomillashtirish vaqti kelgandi. Boisi amaldagi qonunda davlat mulki ob’ektlarini xususiylashtirish jarayonlarini ochiq va oshkoralik, qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshirish, xaridorlarning ommaviy savdolarda ishtirok etishlari uchun teng sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslari o‘z aksini topmagan. Bundan tashqari, qonunda xususiylashtirishning faqatgina 2 ta (kim oshdi, tanlov) uslublari nazarda tutilgani, davlat aktivlarini elektron-onlayn auksion savdolarda sotish haqidagi normalar mavjud emasligi hamda xususiylashtirish sohasida davlat organlari vakolatlarining chegaralari aniq belgilanmagani qonunning islohotlar talablariga javob bermasligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Tan olish kerak, bugungi kunda davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini to‘liq qamrab oladigan yagona qonun hujjati mavjud emas. Bu sohadagi jarayonlarni tartibga solish bilan bog‘liq qonunosti hujjatlarining ko‘pligi, ular o‘rtasida ziddiyatlarning mavjudligi davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlariga salohiyatli, jumladan xorijiy investorlarni jalb etishda qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Ushbu qonun loyihasi bilan xususiylashtirishning barcha bosqichlari, xususiylashtirishning prinsiplari batafsil, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun darajasida mustahkamlanmoqda. Shuningdek, amaldagi qonunda belgilanmagan elektron-onlayn auksion va birja, shuningdek, muzokaralarga ommaviy taklif qilish, raqobatga asoslangan muloqot asosida sotish, korxona va ko‘chmas mulk ob’ektini boshqa jamiyatning ustav fondiga kiritish va korxonalarni keyinchalik sotish sharti bilan ijaraga berish kabi xususiylashtirishning yangi 8 ta uslublari kiritilyapti. Xususiylashtirish sohasida Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining vakolatlari aniq belgilanyapti.
Asosiysi, yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinishi munosabati bilan xususiylashtirilgan mulkning daxlsizligini kafolatlash belgilanmoqda. Xulosa qilib aytganda, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi davlat aktivlarini zamonaviy uslublar asosida sotish orqali davlat mulkining xususiylashtirilishi jadallashishiga, xususiylashtirish jarayonlarining ochiq va oshkoraligi ta’minlanishiga, barcha xaridorlar uchun teng sharoitlar yaratilishiga, vakolatli davlat organlarining xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari qonun doirasida aniq belgilanishiga erishiladi.
Jamshid Qosimov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati