Xususiy sektorda ishlovchi ayollar qamrovi sezilarli darajada oshdi
Yurtimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqasi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan proaktiv shaklda tayinlanishi yo‘lga qo‘yildi. Endi davlat va nodavlat sektordagi ish beruvchilar ushbu nafaqani to‘lashdan to‘liq ozod etildi va barcha to‘lovlar jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida ushbu yo‘nalishda muhim natijalar qayd etildi. Xususan, 33,3 mingta kasallik varaqasi bo‘yicha jami 378,6 milliard so‘m nafaqa to‘lab berildi.
Shuningdek, xususiy sektorda ishlovchi ayollar qamrovi sezilarli darajada oshdi. Agar 2025-yilning shu davrida 2,8 ming nafar ayolga nafaqa to‘langan bo‘lsa, 2026-yil birinchi choragida bu ko‘rsatkich 2 baravarga oshib, 5,6 ming nafarni tashkil etdi.

Nafaqa miqdorida ham sezilarli o‘sish kuzatildi. 2025-yilda bir nafar ayolga o‘rtacha 2,6 million so‘m to‘langan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 6,1 baravarga oshib, o‘rtacha 14,6 million so‘mni tashkil etdi.
Natijada xususiy sektorda ishlovchi ayollarga to‘langan umumiy mablag‘ ham keskin oshdi: 2025-yilda 7,2 milliard so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilda 11,3 baravarga o‘sib, 81,7 milliard so‘mga yetdi.
Ushbu raqamlar mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi izchil rivojlanayotgani, ayollarni qo‘llab-quvvatlash esa davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini yaqqol namoyon etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA