Xususiy banklar rivoji – yangi bosqichda
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan "Trastbank" xususiy aksiyadorlik banki bilan hamkorlikda "Xususiy banklarning mamlakatimiz iqtisodiy hayotidagi ahamiyati" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan "Trastbank" xususiy aksiyadorlik banki bilan hamkorlikda "Xususiy banklarning mamlakatimiz iqtisodiy hayotidagi ahamiyati" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.Mamlakatimiz moliya bozorida yettita xususiy tijorat banki, o‘ttizga yaqin mikrokredit muassasasi, o‘nlab lizing, sug‘urta, auditorlik, axborot-konsalting, reyting tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda xususiy banklarning kapitali 378,7 milliard so‘m, jalb etgan depozitlari 1583,6 milliard so‘mga yetdi.
"Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga ko‘ra, yangi xususiy banklar va moliya institutlarining ustav kapitalining kamida 50 foizi muassislar – jismoniy shaxslar ulushiga teng, qolgan qismi esa davlatga qarashli bo‘lmagan yuridik shaxslarga tegishli bo‘lishi lozim.
Vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari rahbarlarining xususiy banklar va boshqa moliya institutlari faoliyatiga aralashishi, bank mablag‘lari hisobidan turli to‘lovlar va badallarni talab qilishi, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza etuvchi idoralarning bank-kredit portfeli va aktivlarini shakllantirish bilan bog‘lik tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarishda aralashishlari ma’n etilgan.
Xususiy banklar aholi va kichik korxonalarning mablag‘larini jamlash va xizmat ko‘rsatish, loyihalarni moliyalash bilan moliya bozorida o‘z o‘rnini topmoqda.
Jumladan, Keksalarni e’zozlash yilida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki kichik biznes subyektlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirib, kreditlar hajmini 1,3 barobarga ko‘paytirdi. Bankning "Trast Leasing" lizing kompaniyasi tadbirkorlik subyektlariga o‘z xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
Tadbirda xususiy banklar va moliya institutlari faoliyatining kafolatlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, biznesni samarali boshqarish hamda boshlang‘ich kapitalni shakllantirishga ajratilayotgan kreditlar xususida fikr yuritildi.