Xusiylar Saudiyaga zarba bergani rostmi?
Xusiylar Saudiya Arabistoniga hujum uyushtirgani haqida xabarlar tarqalgach, Yaqin Sharqda vaziyat yanada keskinlashdi. Mintaqaning 10 davlati – Bahrayn, Isroil, Iroq, Iordaniya, Kuvayt, Livan, O‘mon, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklaridagi AQSH elchixonalari amerikaliklarni hushyorlikka chaqirib, mojaro tezda kengayishi, parvoz va safar jarayoni izdan chiqishi ehtimolidan ogohlantirgan.
Ogohlantirish Yamandagi Eron bilan yaqinligi aytiladigan xusiylari shanba kuni Saudiyaga ballistik va qanotli raketa, shuningdek dron orqali ikki marta hujum amalga oshirgani e’lon qilingandan keyin berildi. Guruh Ar-Riyoddagi muhim manzillar va Yanbu shahridagi “Saudi Aramco” inshooti nishonga olinganini da’vo qilgan. Saudiya rahbarligidagi koalitsiya esa poytaxt tomon uchirilgan ballistik raketa tutib qolinganini bildirdi.
Xusiylar iyul oyida Saudiyaga qarshi dengiz qamali e’lon qilib, mamlakat shaharlari va kemalariga hujumni kuchaytirdi. Ar-Riyod ham javob zarbasi yo‘llamoqda. Yamanda xusiylar hududiy ilgarilashdan to‘xtamagan.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, avgust oyida janjal kuchaygandan keyin Tizz, Hudoyda va Marib hududlaridagi 31 voqeada 110 nafar begunoh aholi vakili jabrlangan. Ulardan 28 nafari halok bo‘lgan. Tashkilot haqiqiy qurbonlar soni ko‘proq ekaniga e’tibor qaratgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA