Xurshida Vahobjon qizi: “Vatan mehri”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli shoira Xurshida Vahobjon qizining “Vatan mehri” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Shoira o‘quvchilarga o‘zining “Aldamchi tonglar”, “Sig‘magay jismim jahonga”, “Izhor”, “Tajalli”, “Samoyinur” (Saylanma), “Yangi tong” kabi kitoblari ila yaxshi tanish.
Yangi kitobdan shoiraning ulug‘ salaflarga ergashib bitgan bir turkum g‘azal, masnaviy va muxammaslari, shuningdek, “Mehr” va “Samoyi nur” dostonlari joy olgan.
“Meni shoiraning til boyligi, ayniqsa, xursand qildi. U qo‘llayotgan arabiy-forsiy nengizdagi so‘zlar hali lug‘atlarimizda yo‘q. Ammo she’riy matn, go‘zal ifodalar bag‘rida bu kalimalar o‘zbek tiliga bahuzur kirib keladi, shu tariqa, so‘z boyligimiz orta boradi” deb yozadi adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov.
***
Sening mehri zilolingni, Vatan, iymondan axtardim,
Hilolingning jamolini go‘zal insondan axtardim.
Azizimsan, suyugimsan, muqaddas sajdagohimsan,
Go‘daklarning kamolini yorug‘ davrondan axtardim.
Yurakda nolalar qilsa gahi ishq otli tuyg‘ular,
Kuyuk dilning zavolini qora qumg‘ondan axtardim.
Mudom oqil kishilar suhbatiga chin bo‘lib maftun,
Parishon dil savolining javobin qondin axtardim.
Manam Mashrab bobom yanglig‘ sozalikka edim mahkum,
Kezolmay dasht, uvolimni tirik bu jondan axtardim.
Xurshida Vahobjon qizining “Vatan mehri” kitobini, albatta, o‘qing.
O‘zA