Xovoslik kitobxon o‘quvchi “Spark” yutib oldi
Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi 10-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Behruzbek Nabiyev "Kitob o‘qi va Spark yut" tanlovida ishtirok etib, “Spark” avtomashinasi sohibi bo‘ldi.
U o‘tgan yilning noyabr oyida "Sevimli" telekanalida o‘tkazilgan "Bizning faxrimiz" intellektual shousida ishtirok etib, super finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi.

O‘tgan yilning 28 dekabr kuni "Kitob o‘qi va Spark yut" shiori ostida o‘tkazilgan intellektual o‘yinda ishtirok etib, super yutuq– “Spark” avtomobili sohibi bo‘ldi. G‘olibga ushbu avtomobil joriy yilning 16 yanvar kuni tanlov tashabbuskorlari tomonidan katta tantana bilan topshirildi. Tadbirda o‘quvchining yaqinlari, ta’lim bergan ustozlari, sinfdosh do‘stlari ishtirok etishdi.

–Behruzbek sinfdosh do‘stlari orasida o‘zining kitobga bo‘lgan mehri-muhabbati, odobi, namunali xulqi va bilimga chanqoqligi bilan ajralib turadi,–deydi umumta’lim maktabi rahbari, fizika fani o‘qituvchisi Maqsad Shodiyev.– Shu boisdan ham unga intellektual shouda omad kulib boqdi. U kitob insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbai, fikrlash quroli, xazinalar kaliti ekanligini amalda isbotlab berdi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri