Xovosda “yashil uylar” barpo etilmoqda
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan keng qamrovli amaliy tadbir tashkil etildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘tkazilgan mazkur aksiya “Har bir xonadon — o‘z bog‘iga ega” tamoyili asosida amalga oshirilib, tumanda tom ma’noda yashil muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
Aksiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, tuman hokimligi hamda keng jamoatchilik hamkorligida o‘tkazildi. Unda soha mutaxassislari, nuroniylar, yoshlar va mahalla faollari ishtirok etishib, tabiatni asrash va uning ne’matlarini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratishdi.

Ayniqsa, tadbir doirasida tashkil etilgan amaliy seminar ahamiyatli bo‘ldi. Unda Farg‘ona viloyatidan taklif etilgan tajribali bog‘bonlar va agrar soha mutaxassislari ishtirok etishib, ko‘chat ekishning ilmiy asoslari, tuproq unumdorligini oshirish, zamonaviy sug‘orish usullarini joriy etish hamda hosildorlikni oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berishdi. Bu esa tadbirning shunchaki aksiya emas, balki uzoq muddatli samaraga qaratilgan tizimli yondashuv ekanini ko‘rsatdi.

Ekologik tashabbus doirasida tumanning 11 ta mahallasida 40 mingdan ortiq sifatli mevali ko‘chatlar aholiga bepul tarqatildi. Jumladan, olma, anjir, yong‘oq, behi, olxo‘ri, nok, gilos, shaftoli va o‘rik kabi 9 turdagi daraxtlar xonadonma-xonadon ekilib, har bir oila o‘z hovlisida kichik bog‘ yaratish imkoniga ega bo‘ldi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova mazkur tashabbusning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, shunday dedi:

– Bugungi kunda ekologik barqarorlikni ta’minlash har birimizdan faollik va mas’uliyat talab etadi. “Yashil makon” loyihasi nafaqat ko‘chat ekish, balki jamiyatda ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan muhim tashabbusdir. Ayniqsa, “Har bir xonadon — o‘z bog‘iga ega” tamoyili orqali aholini bevosita jarayonga jalb qilish, ularning daromad manbalarini kengaytirish va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga erishilayotgani diqqatga sazovor.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bunday tashabbuslar nafaqat havo sifatini yaxshilash va iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini yumshatishga xizmat qiladi, balki aholi bandligini ta’minlash, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish orqali ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Xovosda amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar “Yashil makon” g‘oyasining amaliy ifodasi bo‘lib, har bir xonadonda bog‘ barpo etish orqali kelajak avlod uchun sog‘lom va barqaror muhit yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri