Xotira uygʻonsa goʻzaldir
Xudoning bergan kuni koʻrishib, muloqot qilib turgan yaqining toʻsatdan yoʻqolib qolsa, kalovlanib qolarkansan.
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Xudoning bergan kuni koʻrishib, muloqot qilib turgan yaqining toʻsatdan yoʻqolib qolsa, kalovlanib qolarkansan. Bugun shu koʻyga tushgandekman: Iskandar Xoʻjayev, Shuhrat Olimov, Baxtiyor Mansurov, Alisher Risqiyev... ular bugun oramizda yoʻq.
Mamlakatimiz boʻylab keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kunida ular yana yodimizga tushaveradi.
Iskandar Xoʻjayev Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (avvalgi OʻzTAG)da ish boshlaganida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari boʻyicha fotomuxbirlik qilgan. Ikki viloyatning buguni va ertasi haqida hikoya qiluvchi turkum fotosuratlar ommaviy axborot vositalarida chop etilgan. Keyinchalik oʻzi istiqomat qilayotgan Surxondaryo viloyati boʻyicha faoliyat olib borgan. 30 yildan oshiq mehnati davomida xalqning va viloyat rahbariyatining ishonchini qozona oldi.
Shuhrat Olimov ham Iskandar aka bilan tengdosh. Bir vaqtning oʻzida faoliyat yuritishgan. Agentlik kollegiyalarida, viloyatda oʻtkazilgan katta tadbirlarda koʻp muloqotda boʻlganmiz. Shuhrat aka agentlikning Andijon viloyati boʻyicha fotomuxbiri edi. Odamoxun, hazilkash bu mehridaryo inson koʻplab shogirdlar tayyorladi. Ulardan biri Muqimjon Qodirov. Muqimjon ayni paytda Fargʻona viloyatida OʻzA fotomuxbiri.
Shuhrat aka 2007-yili 60 yoshga toʻlganida shaxsiy fotokoʻrgazmasini oʻtkazgan. Ijod mahsullarini viloyatga taqdim etib, oʻziga yarasha hisobot qilgan edi. “Sening koʻrgazmangda ham ishtirok etish nasib qilsin”, degan edi oʻshanda ustoz. Afsus, hayotining soʻnggi yilida kasallik tufayli viloyatdan chiqa olmay qoldilar. 2018-yilning 13-dekabrida Shuhrat Olimov 71 yoshida olamdan oʻtdi.
Baxtiyor Mansurov uzoq yillar Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida faoliyat olib bordi. U kishi jamoatchilik asosida kasaba uyushmasi raisi sifatida ham ish olib borgan. Koʻpchilikning koʻnglini topa olgan bu samimiy inson bir qancha viloyat markazlariga sayohat uyushtirganligini hali hali maroq ila eslaydi. Agentlikda yubiley yoki tugʻilgan kun egasi birinchi boʻlib, Baxtiyor akaning iliq tabrigini telefon orqali qabul qilardi. Respublikaning chekka hududlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo yoki Buxoro viloyati muxbirlarining tavallud ayyomlariga yetib borardilar. Agentlikning xizmat xarajatlarini kutib ham oʻtirmasdi. Toʻn va qiyiqni oʻz qoʻllari bilan topshirib, yana poytaxtga, qadrdon maskanlariga shoshardilar. Shu boismi, Baxtiyor aka xonadoni hamisha doʻstlari, tengdoshlari, hamkasblari bilan gavjum boʻlgan. 2019-yilning may oyi Baxtiyor Mansurov uchun soʻnggi oy boʻlib qoldi. Hamkasbimiz, ustozimiz Baxtiyor aka 73 yoshida bu yorugʻ olamni tark etdi.
Alisher Risqiyevni sport olamida juda yaxshi bilishadi. Boks boʻyicha Jahon chempioni, Olimpiya oʻyinlari kumush medal sovrindori Rufat Risqiyev Alisher akaning ukasi. Shu boismi, Alisher aka boks bilan astoydil shugʻullangan, bir necha bor Oʻzbekiston chempioni boʻlgan. Alisher aka sport mavzusidagi fotolari bilan koʻpchilikning mehrini qozona olgan ijodkorlardan biri edi. Joriy yilning 15-mart kuni Alisher Risqiyev uzoq xastalikdan soʻng, vafot etdi.
Oʻtganlarning oxirati obod boʻlsin!