Xotira turniri g‘oliblari taqdirlandi
Suv sport turlari vodiy viloyatlarida ancha ommalashgan bo‘lib, ayniqsa, bu borada Namangan salmoqli yutuqlari bilan peshqadamlar qatorida e’tirof etiladi. Zarur infratuzilmaning mavjudligi hamda iqtidorli sportchi yoshlarning yetishib chiqayotganligi muvaffaqiyatlar omili bo‘lmoqda.
Davlatobod tumanida joylashgan Namangan viloyati suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida o‘smirlar (“U-15”) o‘rtasida taniqli murabbiy Ravil Vishnyakov xotirasiga bag‘ishlangan III an’anaviy xalqaro turnir o‘tkazildi. Mazkur nufuzli musobaqada Namangan va Jizzax viloyatlari vakillaridan tashqari Rossiya Federatsiyasining Ramensk shahri jamoasi ham ishtirok etdi.

Butun hayotini sportga bag‘ishlagan mahoratli murabbiy va fidoyi inson Ravil Vishnyakov faoliyati davomida Namangan shahridagi 23-sonli Olimpiya zaxiralariga ixtisoslashtirilgan, keyinchalik viloyat suv sportiga ixtisoslashtirilgan BO‘SMga rahbarlik qildi. Suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga bosh murabbiylik qildi. Nafaqat, viloyatimiz, balki butun respublikamizda suv sporti turlarini ommalashtirish va rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shdi.

Ravil Vishnyakov boshchiligida namanganlik yosh, iqtidorli sportchilar xalqaro maydonlarda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdilar. Xususan, vaterpol bo‘yicha Namangan viloyati terma jamoasi Malayziyada o‘tkazilgan nufuzli xalqaro turnir g‘olibi sifatida e’tirof etilgandi.

O‘tkazilgan xotira turnirining yakuniy natijalarga ko‘ra, barcha raqiblaridan ustun kelgan “Namangan” terma jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Finalgacha bo‘lgan o‘yinlarni g‘alaba bilan tugatgan Rossiyaning “Pioner Ramensk” jamoasi faxrli ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Viloyat suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi jamoasi esa musobaqani kuchli uchlikda yakunlab berdi.

Turnir g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom, medallar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.