“Xotira so‘qmoqlari”: jadid namoyandalarini eslab
XX asr boshlarida butun Turkistonda yangi kuchga kira boshlagan jadidchilik harakati o‘lkaning barcha sohadagi ishlarining kelajagini belgilab berdi. Ushbu islohotchilik, ya’ni jadidchilik nomi bilan tarixga kirgan keng qamrovli harakat jamiyatning barcha sohalarini teng qamrab oldi. O‘sha davrning ko‘zga tashlangan islohotchi shaxslaridan biri Abdurauf Fitrat edi.
Abdurauf Fitrat shubhasiz XX asr birinchi choragi Markaziy Osiyo ziyolilarining eng ko‘zga ko‘ringan va ta’sir doirasi kuchli bo‘lgan vakillaridan biri hisoblanadi. U siyosiy arbob, yozuvchi, shoir, jurnalist va Turkiston jadidchiligining g‘oyaviy yetakchilaridan biri sifatida tanilgan.

O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi tomonidan avvalroq namoyish etilgan jadid ma’rifatparvarlari xotirasiga bag‘ishlangan “Dutorning tug‘ilishi” (Abdulhamid Cho‘lpon) va “Samarqanddan maktub” (Mahmudxo‘ja Behbudiy) kabi tematik ko‘rgazmalar Fitrat ijodiga atalgan "Xotira so‘qmoqlari" deb nomlangan tarixiy-ma’rifiy loyihaning yagona ko‘rgazma turkumidan joy egalladi.
Ko‘rgazma 1922 yildagi surat asosida ya’ni, vayronaga aylangan vazir Fitrat idorasi atrofida qurilgan bo‘lib, noan’anaviy bu taqdimot tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbirda yirik san’at namoyandalari, adabiyotshunos olimlar, ziyolilar ishtirok etdi. Jadid adabiyotida salmoqli o‘ringa ega bo‘lgan Abdurauf Fitratning hayoti va ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Tadqiqotchilarning fikricha, Abdurauf Fitrat jadidchilikning eng muhim mafkurachisi va O‘zbekiston madaniy konsepsiyasining mualliflaridan biri edi. Qolaversa, Fitrat G‘arb va Sharq madaniyatini puxta o‘rgangan. Bu uning yashash tarzida, maqsad va maslagida o‘z ifodasini topgan. U chinakam vatanparvar shaxs bo‘lgan, – deydi O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi direktori Kamola Akilova.

– Galereyamizda har doim tariximiz, adabiyotimiz, san’atimiz va madaniyatimiz rivojiga munosib xizmat qilgan ajdodlarimiz hayoti hamda ijodiga to‘xtalib o‘tamiz, – deydi O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi bosh mutaxassisi Saodat Ro‘ziyeva. – Sababi bugungi yoshlar o‘z tarixi, madaniyatini yaxshi bilishi zarur. Ana shunda ma’naviy dunyosi yanada yuksaladi.

Ko‘rgazma Abdurauf Fitratning bosib o‘tgan mashaqqatli hayot yo‘li va sharafli umri haqida batafsil ma’lumot bergani, unutilmas taassurot uyg‘otgani bilan muhim bo‘ldi.
– Bu siymoga bag‘ishlangan ko‘rgazmani ommaga taqdim etish murakkab masala bo‘lgani uchun tomoshabinlarga immersivlik effektini hadya etmoqchi bo‘ldik, – deydi ko‘rgazma kuratori Maqsud Asqarov. – Asosiysi, bu singari tadbirlar tashkilotchilar tomonidan yangicha ruh va o‘zgacha tashabbusda davom etishi ko‘zda tutilgan.

“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati