Xotira! Ko‘ngilga nur keltir mudom...
Taniqli shoir O‘tkir Rahmatning yangi "Xotira! Ko‘ngilga nur keltir mudom..." nomli she’riy asarini sizga taqdim etmoqdamiz.
Shoirning "Irmoq", "Sog‘inch", "Jilg‘a", "Rayhon hidi", "Shukrona", "Ko‘zim qorachig‘i", "Oy yog‘dusi", "Ey, umri aziz...", "Xayol ifori", "Yurakdagi qush", "Dilchiroq" (Tanlangan asarlar, 2010), "Xokisor maysa", "O‘tli ruh" kabi she’riy to‘plamlari adabiyot ixlosmandlariga yaxshi tanish .

XOTIRA! KO‘NGILGA NUR KELTIR MUDOM...
Xotira — ming yamoq ko‘ngilga malham,
Suyanar olaming taskinga go‘yo.
Hasrating oralab kezar shodlik, g‘am,
Og‘ushi ichida besh kunlik dunyo...
Yod olsang nogahon uyg‘onar titroq,
Olis-olislardan kelar mungli kuy.
Yilt etib qalbingda yonadi chiroq,
Borlig‘ing egarlab olar xomush o‘y...
Xayolan chavandoz kabi ot solib,
O‘sha damlar sari yelasan sassiz.
Xotira bag‘rida bir muddat qolib,
Sog‘inib eslaysan ularni yolg‘iz...
O‘rtada olovday yonadi firoq,
Kengliklar bag‘rida tugamas tilsim.
Umrning shiddati ko‘rinmas biroq,
Chorasiz qolganda nima ham qilsin?!
Qahrli yillarning zug‘umi og‘ir,
Uning na insofi, na rahmi bordir.
Shu ona zamin deb jon berdi axir,
O‘zini baxsh etgan ne-ne bahodir...
Janglarga kuzatgan ona ko‘z yoshi,
O‘tgan vaqt qoshida titrab turgandek...
Sinmoq ne bilmagan metin bardoshi,
Ruh kabi atrofda kezib yurgandek...
Kelinning qo‘lidan choy ichmay sahar,
Kuyovlik onlarin aylagan yetim...
Temir yo‘l bekatdan kuzatgan shahar,
Tutunlar ichida yegan ich-etin...
Farzandlar dog‘ini ko‘tardi arang,
Biror uy qolmadi motam tutmagan.
Beomon kechardi uzoqlarda jang,
Kunlarki ayovsiz... hech kim kutmagan...
O‘q-olov ostida qolgan gunohsiz
Keksalar, bolalar madadga ilhaq.
Uy-joyi vayrona, yo‘qolgan izsiz,
Shunchalik bo‘larmi bu urush badbaxt?!
Ey, ona diyorim,
Bag‘ring buncha keng,
Ularga baxsh etding hatto joningni.
Boshpanang to‘ridan joy ajratib teng,
Baham ko‘rding hatto burda noningni...
Ne kunlar o‘tmadi inson boshidan,
Necha shomlar keldi, necha tong otdi.
Yuraklar zirqirab ko‘zlar yoshidan
Yaqinu do‘stlarni jangda yo‘qotdi...
Biri ota edi, u biri aka,
Biri ona, opa, uka yo singil.
Har biri jon qadar edi yurakka,
Eslasa, zor qaqshab yig‘lar bu ko‘ngil...
Ko‘tarmoq osonmas, og‘ir musibat —
Fashizm balosi solgan iztirob.
Boshlarga keltirdi mislsiz kulfat,
Bu dardlar sig‘maydi bo‘lsa ming kitob...
Ulardan qolgani shu zamin, osmon,
Kengliklar bag‘rida dala-dasht yashnar.
Unutilib ketmas u kunlar hamon,
Bir umr xotirda, yurakda yashar...
Bir lahza to‘xtamas vaqtning bo‘roni,
Chang-g‘ubor qoldirar qadim hayotga.
Mashaqqatu dardning og‘ir suroni
Muhrlar o‘zini abadiyatga...
Mudramoq vaqtimas,
Befarqlik yomon,
Osmondan tushmagan bu kunlar axir.
Daryodek chayqalib turibdi zamon,
O‘ylagil, o‘ylagil barchasin bir-bir.
Jadid bobolarning aytgani kabi —
Bo‘lsa gar til, fikr, ishlarda birlik.
U bilan yashasa har kimning qalbi,
Vatanda abadiy yashnaydi hurlik!
Jonajon Vatanim!
Omon bo‘l mudom,
E’zozlab ko‘targil qadr-qimmatni.
Ezgulik gullari unajak bu dam,
Qalblarga naqsh ayla go‘zal himmatni.
Zamondosh!
Sen faxr qilsang arziydi,
Bu ulug‘ kunlarda toleing kulgan.
Sening-la barobar yuraman deydi,
Sharafga intilgan, shonga intilgan!
Baxt bor!
Kelajakka atalgan ishonch,
Yo‘lboshching boshlagan yo‘llarda baxt bor!
Baxt bor!
Shodlik bergan ko‘zlardagi yosh,
Duoga ochilgan qo‘llarda baxt bor!
Xalq bilan bo‘l, chayqal, tur endi, otlan,
Erk ilmin unutma, qalbga quloq sol.
Olg‘a yur ruhingda o‘chmas sabot-la,
Ammoki o‘tmishdan dars ol, saboq ol!
To unut bo‘lmasin ul qalblar yodi,
To ezgulik yo‘li bo‘lsin bardavom.
To zulmat tutmasin inson hayotin,
Xotira!
Ko‘ngilga nur keltir mudom!
Xotira!
Dillarga nur solgil mudom...
O‘tkir Rahmat
O‘zA