Xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir
9 may. Buxoro shahridagi Xotira maydoni har doimgidan gavjum. Bu yerga davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, ta’lim muassasalari rahbar-xodimlari, nuroniylar, harbiylar, keng jamoatchilik vakillari jam bo‘lgan.
Viloyat hokimi Botir Zaripov harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi va Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Motamsaro ona haykali poyi viloyatdagi tashkilot va idoralar, boshqarmalar, jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan qo‘yilgan gullarga burkandi.
Insoniyat tarixidagi eng qirg‘inbarot urushda mamlakatimizdan 1,5 million kishi qatnashgan bo‘lsa, 500 mingga yaqin yurtdoshlarimiz urushda halok bo‘lganini, qanchasi bedarak ketganini, qanchasi mayib-majruh bo‘lib qaytganini hisobga oladigan bo‘lsak, bizning xalqimiz fashizm balosiga qarshi kurashda katta hissa qo‘shganini anglaysiz. Birgina Buxoro viloyatidan 55 mingdan ziyod kishi urushda ishtirok etgan. Afsuski, ularning 27 mingdan ortig‘i Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan. Qabrlari qirg‘inbarot janglar kechgan o‘lkalarda qolib ketgan. bugungi avlodlar uchun Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lgan minglab yurtdoshlarimizning nomi ham, jasorati ham ma’lum va hech qachon unutilmaydi.
Shuning uchun ularning nomi mana shu maydondagi “Xotira kitobi”ga zarhal harflar bilan mangu muhrlangan. Majmuaga kelgan har bir vatandoshimiz uni varaqlaydi, unda bitilgan ismlarni o‘qiy turib, jasorat, matonat hech qachon unutilmasligini, yuksak qadrlanishini dilidan o‘tkazadi.
[gallery-11810]
Zero, Xotira va qadrlash kunini munosib nishonlashdan ko‘zlagan bosh maqsadimiz — Vatan himoyachilarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini ta’minlash uchun ter to‘kib, unumli mehnat qilayotganimizning shukronasini qilishdan iborat. Bu har qanday kishini ma’nan rag‘batlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu yurtga sadoqat va qat’iyat bilan xizmat qilishga undaydi. Binobarin, xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), UzA