Xotin-qizlarning moliyaviy savodxonligi oshirilmoqda
Markaziy bank Navoiy viloyati Bosh boshqarmasi tomonidan Karmana tumanida “Xotin-qizlarning moliyaviy savodxonligini oshirish” loyihasi doirasida “Moliyaviy savodxonlik kundalik hayotimizda” mavzusida seminar-trening tashkil qilindi.
Interaktiv shaklda tashkil qilingan davra suhbatida tumanda joylashgan mahallalarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, yoshlar, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan ayollar, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Markaziy bane viloyat Bosh boshqarmasi mutaxassislari tomonidan kredit olish, bank omonatlaridan foydalangan holda jamg‘armani shakllantirish, shuningdek, moliyaviy xavfsizlik (jumladan, raqamli moliyaviy xavfsizlik), moliyaviy xizmatlar, iste’molchilarning huquqlari, to‘lov tizimi va zamonaviy moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha tushunchalar berildi.
[gallery-12471]
– Mazkur tadbirni tashkil etishdan maqsad aholi o‘rtasida moliyaviy savodxonlikni oshirish, moliyaviy maqsadlarni belgilash, moliyaviy bilimlardan oqilona foydalanish, oilaviy jamg‘armalar tashkil qilishda xotin-qizlarga ko‘maklashishdan iborat, – deydi viloyat Markaziy bank viloyat Bosh boshqarmasi mas’ul xodimi Akmal Rasulov. – Shuningdek, bugungi seminar-treningimizda bank omonatlaridan foydalanish, ijobiy kredit tarixini shakllantirish, imtiyozli kreditlar, subsidiya orqali ipoteka kreditlari olish kabi mavzularda ishtirokchilarning moliyaviy, xuquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida xotin-qizlar va yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar olishdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA