Xotin-qizlarning bandligi ta’minlanmoqda
Qaror va ijro
Prezidentimizning 2022 yil 22 sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Buxoro viloyatida ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida 47 577 nafar ishsiz xotin-qizning ro‘yxati shakllantirilgan.
Buxoro shahrida non va non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona rahbari Hilola Halimova mamlakatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar natijasida o‘z tadbirkorlik faoliyatini kengaytirib, bugun 25 nafar aholi bandligini ta’minlashga erishdi.
– Turmush o‘rtog‘im bilan faoliyat ko‘rsatib kelmoqdamiz, – deydi tadbirkor Hilola Halimova. – Hozirgi kunda 25 nafar ishchimiz bor. Bir kunda o‘n ming dona non ishlab chiqaryapmiz. Ishchilarimiz asosan mahallamiz hududida yashaydi. Ular vaqtida ishsiz, kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatida turardi. Ayni kunda mehnat qilib oilasi rivoji uchun hissa qo‘shmoqda.
Ko‘p tarmoqli tadbirkorlik faoliyatiga ega Hilola Halimova qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ham imkoniyatlarini sinab ko‘rgan holda salkam bir gektar maydonda issiqxona tashkil etib pomidor yetishtirmoqda. Bunda ham yigirmaga yaqin ish o‘rni yaratilgan.
Joriy yilda viloyatda 600 nafar xotin-qiz tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. O‘z faoliyatini boshlayotgan 37 nafar ayolga zarur asbob-uskunalar sotib olish uchun 40 million so‘m miqdorida subsidiya berildi. Bandligi ta’minlanib, bugungi kunda faoliyat olib borayotgan Zulayho Sharopova bundan bir yil oldin “Ayollar daftari”da edi. Unga subsidiya asosida tikuv mashinasi berilib, u qisqa muddatda o‘z hunari bilan el nazariga tushdi. Hozir o‘zi bilan birga mahalladagi yana olti nafar ishsiz xotin-qizning bandligini ta’minladi.
– “Ayollar daftari” orqali subsidiya asosida tikuvchilik faoliyatimni boshladim, – deydi tadbirkor Zulayho Sharopova. – Ayni kunda mijozlarimga egaman. Mahallamizdagi olti nafar ishsizni ish bilan ta’minladim. Daromadimiz yaxshi, kelajakda faoliyatimni kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishni maqsad qilganman.
– Bizning mahallamiz shaharning eski shahar qismida joylashgan, – deydi “Havzi-nav” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Nodira Boltayeva. – Mahallamizda 2 ming 651 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Shulardan 1 ming 365 nafari xotin-qiz. Mahallamizda hunarmandchilik, tadbirkorlik, kasanachilik bilan shug‘ullanuvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Migratsiyadan qaytgan 36 nafar ayolning barchasi ishga joylashtirildi. Davlat rahbarining tashabbusi bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” loyihasi doirasida 12 nafar xotin-qizga subsidiya asosida ish qurollari olib berildi. Natijada ular oila daromadiga hissa qo‘shmoqda. Nafaqat o‘zlarini ish bilan ta’minladi, balki ish beruvchi tadbirkorga aylandi.
Ijtimoiy reyestrdagi xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida har oyda an’anaviy yarmarkalar o‘tkazilayotgani ham muhim ahamiyatga ega. Viloyat hokimligi, G‘aznachilik xizmati, Ijtimoiy himoya agentligi, Savdo sanoat palatasining viloyat hududiy boshqarmalari tashabbusi bilan “Davlat xaridlari to‘g‘risidagi” qonun talablari asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar va xotin-qizlar, kichik tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning byudjet buyurtmachilarining tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq xarid qilinayotgani ishbilarmon ayollar safi kengayishiga zamin yaratmoqda.
[gallery-22700]
– Ishsiz yurgan paytimda menga monomarkazda o‘qib, kasb-hunar o‘rganish taklifi berildi. Men u yerda tikuvchilikni o‘rgandim. Keyin menga tikuv mashinasi berildi. Bugun hunarim orqali buyurtma asosida ko‘rpa, yostiq jildlari va kiyim-kechaklar tikyapman, – deydi Dildora Shahobiddinova.
Viloyatda 2025 yil yakuni bilan kambag‘allik darajasi 7,3 foizga, ishsizlik darajasi 5,1 foizga tushishi rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari