Xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar
FOTOREPORTAJ
Buxoro davlat universitetida xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ta’lim va jamoat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda universitetda 12 ming 74 nafar xotin-qiz tahsil oladi va faoliyat yuritadi. Ular uchun sifatli ta’lim olish, kasbiy salohiyatini rivojlantirish, huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan zarur sharoitlar yaratilgan.
2025/2026 o‘quv yilida talaba-qizlar va xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, psixologik ko‘mak ko‘rsatish, reproduktiv salomatlikni asrash, oilaviy hayotga tayyorgarlik, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va liderlik qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuv, seminar hamda davra suhbatlari tashkil etildi.
«Ilmli ayol — jamiyat ko‘zgusi», «Biznes marafon», «Lider qizlar», «Sizga aytar gapim bor» kabi loyihalar talaba-qizlarning bilim va salohiyatini namoyon etishi, yangi g‘oya va tashabbuslarini amalga oshirishi uchun muhim maydonga aylandi.
[gallery-31019]
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish masalasi ham e’tibor markazida. Universitetning xotin-qizlar murojaatlari uchun tashkil etilgan maxsus bot orqali kelib tushayotgan murojaatlar o‘rganilib, zaruratga ko‘ra huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Ehtiyojmand talabalarning ayrim murojaatlari asosida ularga to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lashda ham ko‘mak berilmoqda.
Xotin-qizlarning jismoniy sog‘lomligi va sportdagi faolligini oshirishga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Universitet talaba-qizlarining turli sport musobaqalarida ishtiroki uchun sharoitlar yaratilib, ularning iqtidori va tashabbuslari rag‘batlantirilmoqda. Jumladan, «To‘maris izdoshlari» respublika musobaqasida universitet talaba-qizlari munosib ishtirok etdi.
2026/2027 o‘quv yilida xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini yanada oshirish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, psixologik va reproduktiv salomatlik xizmatlarini kuchaytirish, mentorlik tizimini rivojlantirish hamda qizlarni ilmiy-innovatsion loyihalarga keng jalb etish ustuvor vazifalar etib belgilangan.
Buxoro davlat universitetida amalga oshirilayotgan bu ishlar xotin-qizlarning ta’lim olishi va kasbiy rivojlanishi bilan bir qatorda, ularning ijtimoiy faolligi, huquqiy himoyasi va o‘z salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun imkoniyatlarni kengaytirmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA