Xotin-qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Mustaqillik bayrami arafasida faoliyatini boshlagan Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Oila va xotin-qizlar maskanida aholi vakillari, xususan, xotin-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
– Viloyat prokurori, viloyat ikkinchi sektori rahbari tashabbusi bilan tuman hamda viloyat tibbiyot muassasalari shifokorlari tomonidan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikdan ko‘zlangan asosiy maqsad, aholi orasida kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, sog‘lomlashtirish ishlarini yaxshilash, yuqumli kasalliklar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan, – deydi Jalaquduq tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Dilnoza Mo‘minova. – Qolaversa, opa-singillarimiz va bolalarni sog‘lomlashtirish, ularning tibbiy bilim hamda savodxonligini oshirishga qaratildi.
[gallery-19229]
Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka tuman, viloyat davolash muassasalarining terapevt, kardiolog, ginekolog, pediatr, stomatolog, endokrinolog, travmatolog, nevropatolog, narkolog, teri-tanosil, infeksionist, okulist kabi yigirmadan ortiq yo‘nalishdagi malakali mutaxassislari jalb qilindi. Bundan tashqari, ko‘plab ko‘rik ishtirokchilari umumiy qon, qand tekshiruvi, gepatit tahlili bo‘yicha laboratoriya, UZI, EKG, rentgenografiya, flyuorografiya tekshiruvlaridan ham o‘tkazildi.
Jarayonda 1 ming 116 nafar fuqaro, asosan, ayollar, bolalar va keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik davomida aholining salomatlik ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Shuningdek, bir guruh nogironligi bor shaxslarga imtiyozlar belgilandi, turli xastaliklari borligi aniqlangan fuqarolarga viloyat shifoxonalarida imtiyozli davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.
Ko‘rik davomida aniqlangan birlamchi kasalliklar bo‘yicha sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish, sog‘lom ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga amal qilish yuzasidan shifokorlar aholi vakillari bilan suhbatlar o‘tkazdi, zarur tavsiyalar berildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari