Xotin-qizlar tadbirkorligi rivojlanmoqda
Navoiy viloyatida 2015-yilda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan 45 milliard 900 million so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratildi. Natijada tadbirkor ayollar soni 4 ming 150 dan oshdi.
Navoiy viloyatida 2015-yilda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan 45 milliard 900 million so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratildi. Natijada tadbirkor ayollar soni 4 ming 150 dan oshdi.Prezidentimizning 2004-yil 25-maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida faoliyat yuritayotgan ayollar, oilaviy tadbirkorlar safi yildan-yilga kengaymoqda. Bu borada viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida joylarda “O‘z biznesingni yo‘lga qo‘y”, “Ayol tadbirkor bo‘lsa – oila farovon bo‘ladi” mavzularida o‘tkazilayotgan davra suhbatlari, uchrashuv va seminarlar yaxshi samara bermoqda.
Viloyatda tikuvchilik, to‘qimachilik, qandolatchilik, parrandachilik kabi yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni ortayotir. Nurota, Qiziltepa, Xatirchi tumanlari ayollari, ayniqsa, milliy hunarmandlik sohasida ulkan samaralarga erishmoqda.
Qiziltepa tumanidagi tadbirkor Zebo Rustamova “Asadbek ziyo nur” xususiy korxonasini tashkil etib, 30 dan ortiq kollej bitiruvchisi va xotin-qizni ish bilan ta’minladi.
– Prezidentimiz rahnamoligida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibordan ruhlanib ish boshladik va kam bo‘lmadik, – deydi Z.Rustamova. – Ishlab chiqarayotgan adras va kashtachilik mahsulotlarimiz qisqa muddatda bozordan o‘z xaridorini topganidan xursandmiz. Kelgusida eksportni yo‘lga qo‘yishni ham rejalashtirganmiz.
Viloyatda kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2014-2015 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarini bitirgan 7 ming 359 nafar qizning 800 dan ortig‘i tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Ularni qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan qariyb 8 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan bitiruvchi qizlarning biznes loyihalariga moliyaviy ko‘maklashish maqsadida tijorat banklari, Savdo-sanoat palatasi va boshqa tashkilotlar mutaxassislari bilan muloqotlar tashkil etilib, kredit olish va kredit hujjatlarini rasmiylashtirish yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berilmoqda.