Xotin-qizlar murojaatlari ko‘rib chiqildi
Poytaxtimizda davlatimiz rahbarining joriy yil 13-martdagi aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Shahnoza Sultonova ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.
Unda xotin-qizlar tomonidan uy-joy, moddiy ko‘mak, sog‘liqni tiklash, ish bilan ta’minlash, shuningdek, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalaridagi murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Qabul jarayonida jami 7 nafar xotin-qizning murojaati tinglanib, har bir holat bo‘yicha tegishli tashkilot va idoralarga aniq vazifalar yuklatildi.

Murojaatlardagi masalalarni hal etish bo‘yicha ijro jarayoni nazoratga olindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA