Xotin-qizlar bandligi holati o‘rganildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aziza Aminova, O‘zLiDeP viloyat Kengashi apparat rahbari Muhammad Eshniyozov hamda partiya mas’ullaridan iborat ishchi guruh a’zolari tomonidan “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi doirasida Navbahor tumanidagi Uchtut mahallasida issiqxona xo‘jaligi bilan shug‘ullanayotgan ishbilarmon ayollar faoliyati o‘rganildi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etilishi bugun o‘z natijasini bermoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida, jumladan, issiqxona xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan ayollar soni esa kun sayin ortib bormoqda.
Bugungi kunda issiqxona sharoitida pomidor va bodring kabi mahsulotlarni yetishtirish orqali ko‘plab ayollar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lmoqda.

Navbahor tumanida yashovchi tadbirkor ayol Dilorom Qurbonova 2018-yilda kichik issiqxona tashkil etgan edi. Ayni paytda esa uning xo‘jaligida 5 nafar doimiy, 10 nafardan ortiq mavsumiy ishchi faoliyat yuritmoqda. Issiqxonada bir necha turdagi sabzavotlar yetishtirilib, mahalliy bozorlarga yetkazib berilmoqda.
– Dastlab ishni boshlash oson bo‘lmadi. Lekin davlatimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor, berilayotgan imtiyozli kredit va mutaxassislar maslahati menga katta yordam berdi. Hozirgi kunda issiqxonamizda yil davomida pomidor va bodring yetishtirib, har mavsumda o‘rtacha 50-60 million so‘m daromad olmoqdamiz. Shuningdek, mas’ullar tomonidan “Namunali tomorqachi ayol – farovonlik bunyodkori” loyihasi doirasida o‘quv seminarlari va treninglar tashkil etilayotgani bilimlarimizni yanada oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi D.Qurbonova.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, issiqxonada yuqori hosildorlikka erishish uchun zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, tomchilatib sug‘orish tizimi, sifatli urug‘ tanlash va o‘g‘itlash jarayoniga alohida e’tibor qaratish talab etiladi.
Albatta, bugungi kunda tashabbuskor ayollar nafaqat o‘z oilasining farovonligini ta’minlamoqda, balki yangi ish o‘rinlari yaratish orqali jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ular yetishtirayotgan mahsulotlar esa bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlamoqda.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri