Xorijiy tillarni o‘rganish - davr talabi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Chortoq tumanidagi “Stanford” o‘quv markazida xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lgan, olimpiada va tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan o‘quv markazlari rahbarlari bilan ochiq muloqot qildi.
Dastlab, ishtirokchilar o‘quv markazi faoliyatiga oid taqdimot hamda o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Muloqot davomida xorijiy tillarni o‘rganish davr talabi ekanligi ta’kidlanib, imkoniyatlardan foydalanayotgan yuzlab yoshlarimizning erishgan yutuqlari, har yili xorijiy oliy ta’lim muassasalarida bakalavr yoki magistraturada o‘qib, yaxshi kasb egasi sifatida yurtimizga qaytayotgan iste’dodlar e’tirof etildi.
O‘zbekiston bugun barcha uchun ochiq davlat sifatida ko‘plab xorijiy investorlar va chet el korxonalarining kirib kelishiga zamin yaratib, ishbilarmonlik o‘chog‘iga aylangani xususida so‘z yuritildi. Xalqaro hamkorlik natijasida katta investitsiyalar jalb etilib, rivojlangan mamlakatlar ilg‘or tajribalari yurtimizga olib kirilayotgani, bunday davrda yoshlarimizning til bilishi, xorijliklar bilan tengma-teng muloqot qila olishi biz uchun o‘ta zarurligi qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerak, bugungi kunda viloyatda 164 o‘quv markazi 2 ming 329 dan ortiq ish o‘rni yaratgan holda o‘z faoliyatini olib bormoqda. Hozirda mazkur o‘quv markazlarda 67 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz ta’lim olayotir. Ulardan 12 ming 820 dan ortig‘i xorijiy til sertifikatini olgan.
Viloyat rahbari ochiq muloqot davomida chet davlatlarning nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan yoshlar bilan ham onlayn muloqot qilib, ularning taklif va mulohazalarini tingladi.
[gallery-22408]
Yoshlar asosan o‘quv markazlari faoliyatini kengaytirishga oid masalalarda murojaat qildi. Shuningdek, xalqaro IT hamda "Biz yoshlar Ibrat izdoshlarimiz" shiori ostida iste’dodli yoshlar xalqaro forumini o‘tkazish hamda xorijiy tillarni o‘rgatishni rivojlantirishga oid takliflar o‘rtaga tashlandi.
Murojaatlarning aksariyatiga shu joyning o‘zida yechim topildi. O‘rganilishi muddat talab etadigan masalalarni hal etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA