Xorijiy OAV Samarqanddagi “C5+1” uchrashuvini qanday baholadi?
Xalqaro matbuot O‘zbekistonning mintaqadagi o‘rni, Markaziy Osiyoning iqtisodiy salohiyati va AQSH bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlariga e’tibor qaratmoqda.
Samarqand shahrida 19-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH tashqi ishlar vazirlarining “C5+1” formatidagi uchrashuvi xalqaro ommaviy axborot vositalari e’tibori markazida turibdi. Xorijiy nashrlar muloqotni Vashingtonning mintaqa bilan siyosiy, iqtisodiy va strategik aloqalarni kengaytirishga intilishi, shuningdek, Markaziy Osiyoning xalqaro savdo va transport tizimidagi o‘rni ortib borishi nuqtai nazaridan yoritmoqda.
“Reuters”, “Associated Press” (AR) va “Euronews” kabi nufuzli xalqaro media tashkilotlari uchrashuvning turli jihatlariga e’tibor qaratdi. Ularning materiallarida savdo va investitsiya, muhim mineral resurslar, transport yo‘laklari hamda mintaqaviy xavfsizlik masalalari asosiy mavzular sifatida namoyon bo‘ldi.
Markaziy Osiyoga e’tibor kuchaymoqda
“Reuters” axborot agentligi 19-oktabr kuni e’lon qilgan materialda AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi Vashingtonning Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari doirasida tahlil qilingan.
Nashr mintaqaning tabiiy resurslari, geografik joylashuvi va iqtisodiy imkoniyatlari Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosatida muhim o‘rin egallayotganini qayd etib, Amerika biznes doiralarining mintaqaga qiziqishi, xususan muhim mineral resurslar va yangi savdo imkoniyatlariga e’tibor bergan.
“Associated Press” axborot agentligi esa AQSHning Markaziy Osiyo bilan savdo va xavfsizlik aloqalarini rivojlantirishga intilayotganini ta’kidlagan. Xabarda Marko Rubio mintaqadagi besh davlat tashqi ishlar vazirlari bilan “C5+1” formatida uchrashgani, AQSH delegatsiyasi tarkibida ko‘plab Amerika kompaniyalari vakillari ishtirok etgani aytilgan. Shuningdek, materialda Markaziy Osiyo mintaqasi Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo aloqalarda tarixan muhim chorraha bo‘lib kelgani tilga olingan.
– Bugungi kunda ushbu geografik imkoniyatdan transport, eksport va investitsiya hamkorligini kengaytirishda foydalanish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda, – deyilgan maqolada.
Transport yo‘laklari va mineral resurslar diqqat markazida
“Euronews” Samarqanddagi muzokaralarni iqtisodiy hamkorlik va xalqaro transport aloqalarini rivojlantirish nuqtai nazaridan yoritdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va bojxona tartib-taomilini soddalashtirish masalalarida sheriklikni chuqurlashtirish tarafdori ekanini bildirgan.
“O‘rta yo‘lak” deb ham ataladigan Transkaspiy yo‘nalishi Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi, Janubiy Kavkaz va Turkiya orqali Yevropa bozorlari bilan bog‘laydi. Bu yo‘nalishni rivojlantirish mintaqa mamlakatlarining tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytiradi. Shuningdek, nashr materialida muhim mineral resurslarni qazib olish bilan cheklanmasdan, qayta ishlash va qo‘shimcha qiymat yaratishga ham e’tibor qaratilgan.
– Bunday yondashuv O‘zbekiston uchun ham dolzarb: xom ashyoni chuqur qayta ishlash, sanoat kooperatsiyasi va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish iqtisodiy hamkorlikning amaliy yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi mumkin, – deyiladi materialda.
O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikdagi o‘rni
Xorijiy nashrlar materiallarida Samarqandning xalqaro muloqot maydoni sifatidagi o‘rni ham alohida ko‘zga tashlanadi. “C5+1” uchrashuvi aynan shu shaharda o‘tkazilishi yurtimizning Markaziy Osiyo va AQSH muloqotidagi faolligini namoyon etadi.
O‘lkamiz uchun bunday formatning ahamiyati bir necha yo‘nalishda ko‘rinadi. Birinchidan, mamlakat milliy manfaatlarini mintaqaviy hamkorlik bilan uyg‘unlashtirish imkoniga ega bo‘ladi.
Ikkinchidan, transport, energetika, sanoat va texnologiya sohalarida yangi sheriklik aloqalarini rivojlantirish uchun sharoit yaratiladi.
Uchinchidan, Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy masalalarni muvofiqlashtirilgan holda muhokama qilishi mintaqaning xalqaro maydondagi ovozini kuchaytiradi.
Ayni masalalar O‘zbekiston – AQSH hamkorligining an’anaviy savdo aloqalaridan tashqari, yuqori texnologiyalar va uzoq muddatli iqtisodiy sheriklik yo‘nalishlariga qadar kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Muloqotning amaliy natijalari
Samarqand uchrashuvi ahamiyatini faqat diplomatik tadbirlar yoki mavzularning xalqaro matbuotda yoritilish ko‘lami bilan o‘lchash yetarli emas. Anjumanning uzoq muddatli samarasi, avvalo, erishilgan kelishuvlar bajarilishi, yangi investitsiya loyihalari ishga tushishi, savdo hajmi oshishi va transport infratuzilmasi o‘zgarishi tarzida namoyon bo‘ladi.
“C5+1” formati AQSH va Markaziy Osiyoning besh davlati – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasidagi muloqot uchun umumiy maydon yaratadi. Bunday mexanizm davlatlarga o‘zaro manfaatli masalalarni muhokama qilish, iqtisodiy aloqalarni muvofiqlashtirish va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashish imkonini beradi.
Shu ma’noda, Samarqanddagi “C5+1” uchrashuvi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari uchun xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish, iqtisodiy manfaatlarni ilgari surish va mintaqaning global aloqalardagi o‘rnini mustahkamlash masalalarini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.
Mirhabib Sayfullayev,
O‘zA