Xorijiy korxonaning xaridorgir mahsulotlari
Prezident topshirig‘i amalda
Baliqchi tumanidagi Ziyokor mahallasida tashkil etilgan “Mig farfor” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxona bir necha yildan buyon samarali faoliyat olib bormoqda.

Mamlakatimizda keyingi yillarda yurtimizga xorijiy investorlarni jalb etish, yangi loyihalarni ishga tushirish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish, umuman, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida birgina Andijon viloyatida o‘tgan yilning o‘zida 200 ga yaqin yangi ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi, ko‘plab korxonalar modernizatsiya qilinib, o‘z imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning fevral oyida Andijon viloyatiga tashrifi davomida yangi loyihalarni ishga tushirish va mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish hisobiga ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan qator topshiriq, vazifalar bergan edi. Ana shu topshiriqlar ijrosi doirasida Baliqchi tumanida faoliyat olib borayotgan chinni buyumlari korxonasini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish jarayoniga yangi pech o‘rnatish belgilangan.

– Xitoylik tadbirkor Xuang Lianjun tomonidan 2019 yilda tashkil etilgan “Mig farfor” MCHJ shaklidagi xorijiy korxona tomonidan tayyorlanayotgan chinni mahsulotlari mamlakatimiz ichki bozorida o‘z xaridorlarini topib ulgurgan, – deydi korxona menejeri Shahobiddin Qodirov. – Korxonada o‘tgan 2024 yilda 1 milliard 582 million so‘mlik piyola, choynak singari o‘n beshga yaqin turdagi chinni buyumlari ishlab chiqarildi.
Sifatli, bejirim, xaridorgir mahsulotlarimiz hozirda asosan ichki – Andijon, Farg‘ona va Toshkent bozorlarida sotilmoqda. Kelgusida mahsulotlarimizni qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlariga eksport qilish rejalarimiz bor.
Xitoy davlatidan kelgan ikki nafar mutaxassis o‘tgan davr mobaynida mahalliy qiz-ayollarga chinni buyumlarni tayyorlash, gul bosish, umuman, ishlab chiqarish jarayonlarini puxta o‘rgatib kelmoqda. Ayni kunda korxonada 70 nafarga yaqin xotin-qiz, xususan, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan opa-singillarimiz mehnat qilmoqda.

– Korxona tashkil etilganidan buyon mehnat qilaman, – deydi gul bosish sexi ishchisi Muqaddamxon Mamadaliyeva. – Avval, uyda o‘tirardim asosan mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanardim. Bugungi kunga kelib, nafaqat men, balki mahallamizdagi ko‘plab ayollar chinni tayyorlash bilan bog‘liq jarayonlarni puxta o‘zlashtirib olganmiz. Bajargan ishimizga qarab, 2,5 – 4 million so‘m oylik ish haqi olamiz. Uyimiz yaqin, ishga oson kelib-ketamiz, korxonada bepul tushlik qilib beriladi. Umuman, ushbu korxona men kabi ayollarga ishlab, oilamizga daromad keltirish imkonini berdi.
Prezidentimiz topshirig‘iga asosan o‘tgan yili korxonaga “Sanoat qurilish bank” viloyat bo‘limi tomonidan 400 ming dollar miqdorida kredit ajratildi. Xitoy davlatidan chinni buyumlarni pishiradigan zamonaviy, yangi pech olib kelish uchun shartnoma tuzildi.
Joriy yilning uchinchi choragi oxiriga qadar mazkur pechni o‘rnatish, ishga tushirish belgilangan. Ushbu pech to‘la quvvat bilan ishga tushgach, korxonada mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2,5 barobarga ortadi. Bu o‘z navbatida yana 150 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari