Xorijda tahsil oladigan yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi
Andijon davlat universitetida “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari doirasida seminar-muloqot bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro ta’lim dasturlarini ommalashtirish, yoshlarni global akademik hamjamiyatga jalb etish va O‘zbekistonning inson kapitalini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ta’lim marafoni – “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari doirasida o‘tkazilgan seminar-muloqotda mutasaddi va mas’ullar, tuman, shahar ixtisoslashtirilgan maktab internatlarining 9-11-sinf bitiruvchilari hamda oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etdi.
Seminarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari Shuhrat Daminov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Andijon viloyati filiali boshlig‘i Muhammadjon Qo‘ldoshev va boshqalar mamlakatimizda yoshlar uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar, ularning ijrosini ta’minlash xususida so‘z yuritdi.
Seminar davomida ochiq stipendiya tanlovlarini o‘tkazish tartibi, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar tushuntirildi. Boshqaruv samaradorligi agentligi tavsiyasi asosida, shuningdek, stipendiatlarning xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi uchun beriladigan imtiyozlar, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilariga jamg‘arma tanlovlarsiz ajratiladigan stipendiyalar haqida ma’lumotlar berildi.
[gallery-28429]
Seminar-muloqot ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilardan batafsil javoblar oldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA