Xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 11 nafar voyaga yetmagan bola Vatanga qaytarildi
Xorijiy davlatlarda ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmaganlarni Vatanga qaytarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida o‘tgan hafta davomida 11 nafar bola O‘zbekistonga olib kelindi.
Jumladan, ularning 9 nafari Rossiya Federatsiyasidan, 2 nafari esa Qozog‘iston Respublikasidan Vatanga qaytarildi.
Bolalarni yurtimizga olib kelish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshirildi.
Jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili — Bolalar ombudsmani hamda tegishli xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilindi.
Vatanga qaytarilgan bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni oilaviy muhitga qaytarish hamda zarur ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Bu jarayonda bolaning xavfsizligi va manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu bois har bir holat alohida o‘rganilib, bolaning oilasi va yashash sharoiti inobatga olingan holda keyingi choralar belgilanadi.
Vatanga qaytarilgan bolalarning keyingi holati, ularning oilaga moslashuvi va ijtimoiy muhitga qaytishi yashash manzili bo‘yicha «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy hamrohlik asosida kuzatib boriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA