Xorijda magistratura yoki doktoranturada o‘qiydigan davlat xizmatchilarining ish o‘rni saqlanadi
Davlat fuqarolik xizmatchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish, davlat organlari va tashkilotlarida professional va salohiyatli kadrlar qatlamini shakllantirish maqsadida ularning xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratilmoqda.
Hukumat tomonidan qonunchilik huquqi asosida kiritilgan mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasida ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan davlat xizmatchisi xorijiy oliy ta’lim muassasasiga magistratura yoki doktoranturaga o‘qish bo‘yicha grant yutganda, ish beruvchining yozma roziligi asosida uning ish o‘rni (lavozimi) saqlanishi taklif etilmoqda.

Shuningdek, ish beruvchi tomonidan rozilik berishda o‘quv dasturining yo‘nalishi ushbu davlat organi faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lishini inobatga olish nazarda tutilyapti.
Loyihada o‘quv dasturi yakunlangandan so‘ng davlat fuqarolik xizmatchisi zimmasiga tegishli davlat organi tizimida xorijda tahsil olish davriga teng muddatga ishlab berish majburiyati ham yuklanmoqda.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA