Xorazmda shamol generatori ishlab chiqariladi
Sinov jarayonida qayd etilgan natijalar loyihaning istiqbolga ega ekanligini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Yodju Texnika Instituti Innovatsiya markazi xodimlari tomonidan “Shamol harakatini mexanik harakatga aylantiradigan klapanli qurilma” (Shamol generatori) loyihasining tajribaviy namunasi laboratoriya sinovidan o‘tkazildi.
Sinov metodikasiga asosan, loyihaning tajribaviy namunasi laboratoriya sharoitida turli xil tezlikdagi sun’iy shamol ta’siri ostida sinovdan o‘tkazildi. Maxsus o‘lchov asboblari yordamida qurilma tajribaviy namunasi o‘qidagi kuch momenti, o‘qning burchak tezligi va berilayotgan sun’iy shamol tezligi o‘lchanib natijalar qayd etildi.
Sinov jarayonida qayd etilgan natijalar loyihaning istiqbolga ega ekanligini ko‘rsatdi. Ushbu loyihaning yanada rivojlantirish, uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida E.Atajanovning ushbu loyihasi “Xorazm” innovatsion texnoparkiga yo‘naltirildi.
Muqobil energiya manbalaridan foydalanish tarixan juda uzoq davrlarga borib taqaladi. Qadimdan quyosh va shamol energetikasidan ma’lum darajada insoniyat o‘z yashash turmush tarzida foydalanib kelgan. Masalan shamol tegirmonlarida donlarni maydalash (bug‘doy, arpa, makkajo‘xori va boshqalar), quyosh nurlarida meva va poliz ekinlari mahsulotlarini quritish kabi ishlarda keng foydalanib kelgan.
Respublikamizda doimiy ravishda shamol esib turadigan hududlar mavjuddir. Bunday geografik hududlarda “Shamol generatorlarini” barpo etish va ulardan energiya manbai sifatida foydalanish ancha samarali, arzon va qulay hisoblanadi.
Bugungi kunga kelib, hozirda zamonaviy shamol energetik qurilmalari yaratilgan bo‘lib, ular quvvatiga ko‘ra mini va katta shamol energetik qurilmalariga ajratiladi.
Biroq bunday katta quvvatli “Shamol parklari” shamol generatorlari o‘zlaridan juda katta dozada shovqin hosil qiladi. Bu insoniyat va tabiat jonzotlariga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun ham bunday katta quvvatli shamol parklari aholi yashash hududlaridan, hayvonot olami yashaydigan hududlardan (qo‘riqxona, o‘rmon va boshqalar) ma’lum uzoqlikdagi geografik joylarda barpo etiladi.
Qo‘lbola kichik shamol generatorlari yasash va o‘rnatishda ham ularning texnik holati tekshirilishi, qo‘shimcha qurilmalarning mos yoki mos emasligi mufassal tekshirib ko‘rilishi kerak. Mana shu jihatlari aniq hisob-kitob qilinsa, ularning shamol esib turadigan geografik hududlari to‘g‘ri tanlansa,shamol generatorlari (shamol energetik qurilmalari) ishlab chiqaradigan elektr energiya insoniyat uchun eng arzon va qulay muqobil energiya turi bo‘lishi mumkin.