Xorazmda ekologik barqarorlik va yashil iqtisodiyot rivoji o‘rganildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Xamzayev boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatida o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Dastlab ishchi guruh Xiva tumanidagi “Parchanxos” mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati hamda aholining tomorqadan samarali foydalanish tajribasi bilan tanishdi.
Hududdagi namunali xonadonlarda amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Shuningdek, “Gulzor” ko‘chasida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Otabek Allaberganovning issiqxona va gulchilik xo‘jaligi faoliyati ko‘zdan kechirildi. O‘n yil muqaddam tashkil etilgan “Muhammad Madina Mehroj” fermer xo‘jaligida ayni paytda 2 gektar maydonda turli gul ko‘chatlari yetishtirilmoqda. Bugungi kunda xo‘jalikda mavsum davomida 200 ming tup mavsumiy gul, 5 ming tup xona gullari hamda 15 ming tup dala gullari parvarish qilinmoqda. O‘rganishlar davomida sohada qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalar va tashabbuslar muhokama qilinib, faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiya va takliflar bildirildi.
Ishchi guruh Xiva tumanidagi Qushchi kattabog‘ mahallasida faoliyat yuritayotgan anorchilik xo‘jaliklari bilan ham tanishdi. Hududda anor yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar, hosildorlikni oshirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar va eksportbop mahsulot yetishtirish tajribalari o‘rganildi. Fermer va bog‘bonlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarda suvdan oqilona foydalanish, iqlim sharoitiga mos navlarni ko‘paytirish hamda intensiv bog‘larni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dehqon Matnazar Aminov 10 sotix yer maydonidagi 80 tup anor daraxtidan yiliga 3-4 tonnagacha hosil olib, ichki bozorlarga yetkazib bermoqda. Shuningdek, ishchi guruh Xiva tumanidagi Qoraqum ilmiy-tajriba stansiyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududdagi mavjud ko‘chat zaxiralari, ularni yetishtirish jarayonlari hamda tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt va buta turlarini ko‘paytirish borasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar haqida ma’lumotlar olindi.
[gallery-29702]
Stansiyada amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy ishlar, innovatsion yondashuvlar va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan loyihalar muhokama qilindi. Mutasaddilar ta’kidlashicha, bunday o‘rganishlar hududlarda bog‘dorchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yanada rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosini samarali davom ettirishga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA