Xorazmda “Dolzarb bir oylik” tadbirlari
Prezidentimizning 2025 yil 6 martdagi “Mahallalarda tomorqalardan unumli foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan mamlakatimizda “Dolzarb bir oylik” safarbarligi e’lon qilindi.
Mazkur farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida Raqobat qo‘mitasi raisi X. To‘raxo‘jayev boshchiligida ishchi guruhi Xorazm viloyatining bir qator tuman va shaharlariga tashrif buyurdi.

Ishchi guruhi hududlarda olib borilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida dastlab Hazorasp, Yangiariq, Tuproqqal’a va Xonqa tumanlarining 20 ga yaqin mahallalariga bordi. Unda ijtimoiy masalalar, xususan, tomorqa yer maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanish, yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish, ko‘chat ekish va issiqxonalar qurish, qabristonlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishildi. Tomorqa xo‘jaligi va sug‘orish tizimida yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Misol tariqasida Tuproqqal’a tumanining Yoshlik va Pastom mahallalarida aholi tomorqalariga suv yetkazib berish uchun ariqlarni betonlashtirish, Hazorasp tumanidagi Bog‘dor mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolarning dalalarini sug‘orish uchun oqova suv tarmog‘i o‘tkazish bo‘yicha boshlangan ishlarni jadallashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Yangiariq tumanidagi Soburzon, Yangiobod, Yangiyer, Uyg‘ur va Jaloil mahallalarida o‘tkazilgan tashrif davomida aholi bilan suhbatlar olib borilib, ularning muammolari hamda takliflari tinglandi.
Misol uchun Soburzon, Yangiobod va Xo‘jalar mahallalarida aholi tomorqalari va dala maydonlaridagi ekinlarni sug‘orish uchun ariqlarni betonlashtirish hamda oqova suv quvurlarini yotqizish bo‘yicha boshlangan ishlar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Uchrashuvlar davomida bunday ishlarni samarali tashkil etish maqsadida har bir mahallaga yetakchi tadbirkor, usta dehqon va agronomlar biriktirildi. Shuningdek, mahallalarning guzarlari va ko‘chalarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan mas’ul rahbarlarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Xonqa tumanidagi Istiqlol, Vatanparvar, Toma, Barkamollik, Gulshan va Mustaqillik mahallalarida bo‘lib, aholi yashash sharoiti, xonadon tomorqalari, issiqxonalar qurish hamda ularni sug‘orish tarmoqlari, zarur texnika jihozlari bilan bog‘liq holatlar o‘rganib chiqildi. Bu kabi tadbirlar, odatda, tomorqa faoliyatini tartibga solish, oilaviy xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash, mahsuldorlikni oshirib, aholi daromadi oshishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan mahallalardagi kanallarni betonlashtirish, nasos o‘rnatilishi kabi dolzarb masalalar kechiktirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va kasalmand oilalarga zarur bo‘lgan tibbiy jihozlar yetkazib berilmagani kabi holatlarga tanqidiy baho berilib, mas’ul rahbarlarga qo‘mitaning aniq ko‘rsatma va topshiriqlari berildi.
Bundan tashqari, hududda aholining elektr energiyasi, gaz ta’minoti, ichimlik suvi va chiqindi tashish, ichki yo‘llarni ta’mirlashga doir o‘nlab murojaatlari joyida qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Ishchi guruh tashrif buyurgan barcha mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha mevali va manzarali daraxtlar, buta va gul ko‘chatlari ekish bo‘yicha tashkillashtirilgan ishlar hamda tumandagi o‘nga yaqin qabriston va ziyoratgohlarda olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan ham tanishdi.
N.Rahmonova, O‘zA