Xorazmda dermatovenerologik kasalliklarga bag‘ishlangan seminar
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Xorazm viloyat hududiy filialida sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirokida muhim amaliy va ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar davomida hududda eng ko‘p uchraydigan dermatovenerologik kasalliklarni keltirib chiqaruvchi sabablar, ularni erta aniqlash va samarali davolash choralarini ko‘rish, "Alopesiya: kelib chiqish sabablari, klinikasi, zamonaviy diagnostikasi va davolash usullari", "Vitiligo: patogenezi, klinikasi, zamonaviy diagnostika va davolash usullari", "Qizil yugurik" va "Teri bilan chegaralangan vaskulitlar" nozologiyasi bo‘yicha milliy klinik standart va protokollari mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.

Shuningdek, tadbir doirasida tashxislash va davolash jarayonida ijobiy samaradorlik kuzatilmayotgan murakkab holatdagi bemorlar uchun bevosita ko‘riklar va konsultatsiyalar tashkil etiladi.

Ushbu amaliy tadbirlar Xorazmda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda soha mutaxassislarining malakasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri