Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sog‘liqni saqlash vazirligi Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boshqarmasi mas’ullari hamda Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Yangibozor tumanida "Tibbiyot – korrupsiyadan xoli soha" mavzusida tashkil etilgan ochiq eshiklar kuni va aholi uchun o‘tkazilayotgan bepul tibbiy ko‘rik jarayonlari bilan tanishdi.
Yangibozor tuman tibbiyot birlashmasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda viloyat tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlari fuqarolarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar.
Shuningdek, fuqarolar sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan burchaklar va ko‘rgazmali materiallar bilan tanishdilar.

***
Xorazm viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Bobur Olimov Bog‘ot tumanidagi Hurriyat, Nurli maskan, Navro‘z mahallalarida bo‘lib, yoshlar bilan uchrashdi.

Muloqotlar davomida ularning bandligi, kasb-hunar egallashi, ishga joylashishi va mavjud muammolari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvlar davomida har bir yoshning fikri va murojaatiga alohida e’tibor qaratilib, yoshlarni kasbga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash va muammolarini manzilli hal etish masalalariga ustuvor ahamiyat berildi.
***
O‘zbekiston Xoreografiya akademiyasi Urganch filialining 1-bosqich talabalari Lazgi san’ati tarixi muzeyiga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida talabalar Xorazm lazgi san’ati tarixi, rivojlanish bosqichlari va bugunki kundagi turlari haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Ekskursiya jarayoni qizg‘in savol-javoblarga boy o‘tdi va talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
A.Shokirov,
O‘zA