Xorazm sayyohlarni chorlamoqda
Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, bugun Xorazm tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan betakror qiyofasi bilan sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda. Bu zaminning har bir go‘shasida ming yillik tarix, boy madaniyat va xalqimizning o‘ziga xos an’analari mujassam.
Avvalambor, sayyohlarni chorlayotgan omillar ochiq osmon ostidagi muzeyga qiyoslanadigan Xiva, qadimiy qal’alar, me’moriy obidalar va tarixiy maskanlardir. Milliy hunarmandchilik, an’anaviy san’at, gastronomik turizm, folklor va festivallar ham Xorazmning sayyohlik brendini boyitmoqda. Ayniqsa, vohaning o‘ziga xos milliy taomlari, qadimiy urf-odatlari va aholisining mehmondo‘stligi xorijlik sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otadi.

Turizm Xorazm viloyati uchun muhim sohalardan biridir. Joriy yil 1-sentabriga qadar viloyatga jami 10 million 767 ming sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, ularning 2 million 175 ming nafarini xorijliklar, qolgan 8 million 591 ming nafarini mahalliy mehmonlar tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar vohaning ichki va xalqaro turizm bozoridagi mavqei tobora mustahkamlanib borayotganligini bildiradi.
– Men Xivani juda sevaman, – deydi rossiyalik sayyoh Valera Lapidus. – Umuman olganda, O‘zbekistonning ko‘plab shaharlari menga yoqib qoldi. Ayniqsa, “Ichan qal’a” ko‘chalarida sahnalashtirilgan tarzda bo‘lsa ham Xiva xoni o‘z vazir va navkarlari, mulozimlari bilan yurganini uchratib qolsam, juda hayajonlanaman. Xuddi ertakka tushib qolgandek bo‘laman. Men tarixga qiziqaman. Shu sababdan tarixiy manbalardan o‘rganganlarimni bu yerda jonlantiraman. Yil davomida ko‘pgina tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Ularda qatnashishni istayman.

Ha, qadimiy qal’alar, boy tarixi, madaniyati va san’ati, betakror milliy oshxonasi hamda o‘ziga xos ajoyib tabiati vohaga yanada ko‘proq sayyohlarni jalb qilish imkonini beradi. Ammo bugun Xorazmning turistik jozibasi faqat tarixiy yodgorliklar bilan cheklanib qolmayapti. Davlatimiz rahbari tomonidan viloyatda bu soha rivoji uchun turtki beruvchi infratuzilmani yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Urganch” xalqaro aeroportining imkoniyati tubdan oshib, yangi qiyofa kasb etayotgani, xuddi shu yerdan Xivagacha tezyurar elektropoyezdda borish, “Urganch – Xiva” pullik yo‘li ishga tushgani, Toshkent va Buxoro shaharlaridan Xivaga tez yurar poyezdlarining yo‘lga qo‘yilgani, yangi sayyohlik manzillarining barpo etilayotgani... Bu kabi real misollarni ancha davom ettirish mumkin.

Urganch xalqaro aeroportidan atigi 25 metr masofada barpo etilgan yangi va zamonaviy “Aerovokzal” va Xiva temir yo‘l bekatini bog‘laydigan yangi temir yo‘l liniyasida “Urganch – Xiva” yo‘nalishidagi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani kuniga 2000, yiliga esa 800 ming nafargacha mahalliy va xorijiy sayyohlarga sifatli va xavfsiz xizmat ko‘rsatish imkonini yaratdi. Endilikda Urganch aeroportidan Xivagacha 80 daqiqada emas, bor-yo‘g‘i 42 daqiqada yuqori darajadagi qulaylikda yetib borish mumkin.
– Sayyohlar va yo‘lovchilarning maroqli hordiq chiqarishi uchun elektropoyezdda barcha sharoit muhayyo qilingan, – deydi hindistonlik sayyoh Rajesh Muker. – Aeroportdan chiqishimiz bilan poyezdga o‘tirdik. Salonda mukammal iqlim nazorati o‘rnatilgan bo‘lib, sovitish va isitish tizimlari muntazam ishlab turadi. Har bir o‘rindiq atrofida mobil telefon, noutbuk va gadjetlar uchun USB-portlar mavjud. Barcha vagonlardagi bepul Wi-Fi tarmog‘i har bir yo‘lovchi uchun raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Bizga xizmat ko‘rsatayotgan xodimlar ham juda xushmuomala.

Joriy yil 5-may kuni “Jaloliddin Manguberdi” nomli yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezd Toshkent – Xiva yo‘nalishida ilk qatnovini amalga oshirgan bo‘lsa, 9-sentabrdan boshlab Xiva va Buxoro shaharlari o‘rtasida yangi tezyurar elektropoyezd qatnovi ham yo‘lga qo‘yildi.
Yangi qatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatning tarixiy va sayyohlik markazlari o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada yaxshilash, shuningdek, aholi va sayyohlar uchun qulay harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
– Buxorodan Xivaga tezyurar elektropoyezdda atigi 4 soatda yetib keldik, – deydi Nederlandiyalik sayyoh Albert Baystra. – Poyezddagi sharoitlar juda yaxshi. Yo‘l bo‘yi internetda ko‘rganimizdan-da chiroyliroq manzaralarga duch keldik. Mazkur poyezd faqat transport vositasi emas, balki mamlakatning muhandislik salohiyati va turistik imkoniyatlarini namoyon etuvchi muhim infratuzilma ekan. Temir yo‘l vokzalidan to‘g‘ri eski shaharga tushdik. Xivaning manzarasi meni va sheriklarimni juda lol qoldirdi.

Yaqinda Urganch va Xivani bog‘lovchi yangi pullik avtomobil yo‘li foydalanishga topshirildi. Ikki shahar o‘rtasidagi safar vaqtini 60 daqiqadan 17 daqiqagacha qisqartirgan, 35 kilometrlik yo‘lning o‘tkazuvchanligi sutkasiga 30 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etadi. Trassa zamonaviy muhandislik talablari asosida loyihalashtirilgan. Yo‘l konstruksiyasi yuqori transport yuklamasiga chidamlilik, uzoq xizmat muddati va harakat xavfsizligini ta’minlashga mo‘ljallangan. O‘zbekistonda ilk bor qurilgan pulli avtomobil yo‘li nafaqat shaharlar o‘rtasidagi qatnovni yengillashtirdi, balki hududning logistika va turizm salohiyatlarini ham oshirdi.

Xorazmda transport-logistika va turizm infratuzilmasi izchil rivojlanayotgani sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy turistik majmualarni ko‘paytirish, xizmatlar turini kengaytirish va sayyohlarning hududda qolish muddatini uzaytirish muhim ahamiyatga ega.
– So‘nggi yillarda Xorazm viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlarga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish va ularning hududda qolish muddatini uzaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Xorazm viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Saidov. – Oxirgi to‘qqiz yilda viloyatimizda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurilib, mehmonxona fondi 4 barobar oshdi, 11 ta yangi turizm maskani ishga tushirildi. So‘nggi besh yilda xorijiy sayyohlar soni 10 karra ko‘paydi. Yaqinda shaxsan Prezidentimizning o‘zlari kelib tanishgan Xiva shahrida yangi barpo etilgan Kongress-xoll, uch yulduzli mehmonxona hamda “Xiva Ichan qal’a” qabullar uyi qadimiy Xorazm zaminida Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik, taraqqiyot va yangilanish ruhi tobora yaqqol namoyon bo‘layotganini anglatadi.

Yaqin orada viloyatda “Sahro Yulduzi” nomli yangi turistik shaharcha barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Yangi shaharcha tarixiy meros va zamonaviy shaharsozlik yechimlarini uyg‘unlashtirgan holda bunyod etiladi. Uning me’moriy konsepsiyasini ishlab chiqishda Xorazmning ko‘p asrlik shaharsozlik an’analari, jumladan, 1511-yilda Xiva xonligining ilk poytaxti bo‘lgan qadimiy Vazir shahrining tarixiy tuzilishi va ko‘chalar tarmog‘i asos qilib olingan. Umumiy maydoni 12,3 gektar bo‘lgan majmuada mehmonxonalar, tarixiy va zamonaviy eksponatlar namoyish etiladigan muzey, milliy va xalqaro taomlar restoranlari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari joylashadi. Hududning salmoqli qismi yashil maydonlar va sayr yo‘laklariga ajratiladi. Sharsharali favvoralar va ichki ariqlar tashkil etiladi.
Yangi shaharcha Ichanqal’aga tushayotgan turistik yuklamani kamaytirib, sayyohlar uchun yangi yo‘nalish va xizmatlarni taklif etadi.
Bu kabi yirik va zamonaviy loyihalar Xorazm vohasining sayyohlik jozibadorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri