Xonadonlarga mehr va saxovat kirib bormoqda
Qaror va ijro
Toshkent viloyatida Prezidentining 2026-yil 21-maydagi tegishli qaroriga muvofiq, Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, mehr-saxovat tadbirlarini tashkil etish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga amaliy yordam ko‘rsatish borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

Rejaga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi qariyb 15 ming nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yolg‘iz keksalar va ko‘makka ehtiyoj fuqarolar holidan xabar olinadi. Bu kabi xayrli tashabbuslar orqali “Inson qadri uchun” degan ulug‘ g‘oya amalda o‘z ifodasini topmoqda.
Xususan, mazkur qaror ijrosi doirasida Bo‘stonliq tumanida istiqomat qiluvchi 719 nafarga yaqin ehtiyojmand oilalar va yolg‘iz keksalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashi raisi S.Fayziyeva hamda tegishli mas’ullar tumandagi Tovoqsoy va Iskandar mahallalarida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadonlarga borib, ularga oziq-ovqat mahsulotlarini topshirdi.

Bunday saxovat va insonparvarlik ruhidagi tadbirlar xalqimiz orasida inson qadri, mehr-oqibat, ijtimoiy birdamlik va hamjihatlik tamoyillari yuksak qadrlanayotganining yana bir yorqin ifodasidir. Qurbon hayiti arafasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar insonlar qalbida mehr-muruvvat, shukronalik va birlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.