Xonadon egalari yilliga 75-80 million so‘m daromad olmoqda
Yer yuzida aholi sonining kamayishiga nisbatan ortib borish tendensiyasi doim yuqoriroq kechadi. Xalqaro ekspertlarning yozishicha, sayyoramizda yashovchi aholi sonining 1 milliard kishiga yetishi uchun 200 ming yildan ko‘proq vaqt ketgan bo‘lsa, ushbu raqam 7 milliardga yetishi uchun 200 yil kerak bo‘ldi, xolos. Bu boradagi o‘sish ko‘rsatkichi so‘nggi yillarda yanada jadallashdi - shu yil avgust oyi o‘rtalarida dunyo aholisi soni 8 milliarddan oshdi.
Bu mamlakatlar oldiga eng dolzarb masalalardan biri bo‘lgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berishning samarali usullarini qo‘llashni taqozo etmoqda. Qolaversa, jahonda iqlim o‘zgarishlari, qurg‘oqchilik natijasida narx-navoning ortib borayotgani qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish talabini yanada oshiradi.
Mamlakatimizda tomorqadan ikki va uch martagacha hosil olish bo‘yicha o‘ziga xos maktab yaratgan tomorqa egalari, tumanlar soni tobora ortib bormoqda. Peshko‘lik Yoriqul ota Hamroyev tajribali mirishkorlardan.
Buxoro ahliga xos uzum yetishtirish an’anasi uning xonadonida ham yo‘lga qo‘yilgan. Oila 16 sotix tomorqasida ekilgan turli uzum navlaridan har mavsumda 8-9 tonna hosil oladi. Kuz oylarida esa kichik uzumzorga to‘qsonbosti sarimsoqpiyoz va har xil ko‘kat ekib, erta bahorda 1,5 ming tonna mahsulot olish yo‘lga qo‘yilgan. Shu tariqa kichik tomorqadan xonadon egalari yilliga 75-80 million so‘m daromad olmoqda.
Hududlarimizda shu kabi usta dehqonlar, namunali tomorqachilar juda ko‘p. Odamlarning tomorqadan foydalanish ko‘nikmasi ham, tajribasi ham oshib boryapti.
Aslida ham oziq-ovqat yetishtirishda nafaqat qishloq xo‘jaligi yerlari, balki aholi tomorqalari ham muhim lokomativga aylanib bormoqda. Odamlar tomorqadan faqat o‘z ehtiyojlari uchun mahsulot yetishtirishda emas, ko‘proq qo‘shimcha daromad manbai sifatida foydalanmoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining xodimlari Buxoroda xususan, Peshku tumanida o‘rganish ishlarini olib borishdi. Unda tuman hokimi V.Qaxxorov, hokim yordamchilari bilan birgalikda barcha mahallalarda o‘rganish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, namunali tomorqachilar tajribasi ommalashtirish, aholi tomorqalarida avgust-sentyabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlarni ekish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.
Unda «Tomorqa xizmati» jamiyati tomonidan aholi tomorqalarni shudgorlash, mevali ko‘chatlar, piyoz va sarimsoqpiyoz urug‘lari, parranda va qoramol yetkazib berish, ixcham issiqxonalar qurishda odamlarga yaqindan ko‘mak berish xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, yetishtirilgan hosilni «Tomorqa xizmati» jamiyatlari xarid qilish mexanizmi bo‘yicha xonadon egalari va hokim yordamchilariga tushuntirishlar berildi.
Umuman, bugun tomorqachilik mamlakatimizda nafaqat aholini ish bilan band qilish va yaxshi daromad manbai, balki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorlarda narxlar barqarorligini saqlashning samarali mexanizmiga aylandi. Ushbu tarmoqqa berilayotgan imtiyozlar esa odamlarning tomorqadan yanada unumli foydalanishi, bu borada yangi texnologiyalarni o‘rganishga qiziqishini oshiryapti. Natijada tajribali tomorqachilar safi kengayib, xonadonlarda yetishtirilayotgan sifatli mahsulotlar ham ichki, ham tashqi bozorda o‘z o‘rnini topmoqda.
Elmurod MAMARAHIMOV,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi