“Xo‘ja Ma’oz” ziyoratgohidan fotoreportaj
Marg‘ilon shahrida joylashgan “Xo‘ja Ma’oz” ziyoratgohi asrlar davomida muqaddas qadamjo sifatida e’zozlanib kelmoqda. U nafaqat tarixiy, balki yuksak ma’naviy ahamiyati bilan ham alohida o‘rin tutadi.
Mashhur adib Abdulla Qodiriy o‘zining “O‘tkan kunlar” romanida ushbu maskanni tilga olib, uning o‘ziga xos muhitini ta’sirchan tarzda tasvirlaydi. Asarda “Xo‘ja Ma’oz” mozorining qadimiyligi va atrof-muhiti alohida badiiy ifoda etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, adib Marg‘ilon shahriga tashriflari chog‘ida mazkur ziyoratgohga bir necha bor kelgan, bu yerga keluvchi ziyoratchilar bilan suhbatlashib, ularning kechinmalari va xotiralariga e’tibor qaratgan.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, ziyoratgoh asrlar davomida mahalliy aholi uchun ruhiy taskin va ma’naviy kuch manbai bo‘lib xizmat qilgan. Ilgari bu yerda qadimiy masjid mavjud bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik uning o‘rnida hashar yo‘li bilan yangi masjid barpo etilgan.
[gallery-29174]
Mahalla nuroniysi Obidjon Xolmatovning ta’kidlashicha, mazkur qadamjo Marg‘ilon shahridagi “Yoyilma” va unga tutash hududlarda joylashgan mahallalar aholisi orasida “Xo‘jamag‘iz” yoki “Xo‘ja Ma’oz Abdulloh ibn Jabaliy” nomi bilan ham mashhur. Ziyoratgoh davlat muhofazasiga olingan.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA