Xizmat koʻrsatishdan aholi mamnunmi?
Andijon tumani Davlat xizmatlari markazida Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasining joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomidagi faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Andijon tumani Davlat xizmatlari markazida Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasining joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomidagi faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Ommaviy axborot vositalari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilayotgani, bu tadbirkorlik subyektlari va aholi uchun katta qulayliklar yaratayotgani taʼkidlandi.
Anjumanda Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi va uning tuman, shahar tizimlarida joriy yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
– Ayni kunda davlat xizmatlari markazlari orqali 130 dan ortiq turdagi davlat xizmati koʻrsatilmoqda, – deydi Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi rahbari Jamshid Rahmonov. – Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida 733 ming 300 ga yaqin xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, shundan 731 ming 824 tasi bevosita markazlarda, 1 ming 500 ga yaqini esa internet orqali koʻrsatildi. Umuman, koʻrsatilgan xizmatlar ikki yil davomida 3,6 barobarga ortgan.
Tahlillarga koʻra, davlat xizmatlari boʻyicha murojaatlarning aksariyatini, yaʼni 17 ming 860 tasini tadbirkorlikni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, 83 ming 110 tasini bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirish, 40 ming 469 tasini jamgʻarib boriladigan pensiya jamgʻarmasi hisobiga qoʻyish, 17 ming 813 tasini yangi barpo etilgan obyektlarni foydalanishga qabul qilish bilan bogʻliq murojaatlar tashkil etdi.
Boshqarma hamda tuman, shahar markazlari tomonidan aholiga yanada qulaylik yaratish, chekka hududlarda yashayotgan fuqarolar uzogʻini yaqin qilish, qolaversa, xizmatlarning maqbul, qulay va shaffof usullarini joriy etish maqsadida 11 ming 963 ta sayyor xizmat koʻrsatildi. Sayyor xizmatlar koʻrsatish uchun tuman, shahar markazlari “Damas” avtomashinalari, zarur jihozlar bilan taʼminlandi. Bundan tashqari, maxsus jihozlangan “Isuzi” avtobusi ajratilganligi ham sayyor xizmatlar koʻrsatish sifati va koʻlamini oshirishga yordam bermoqda.
Koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari qatoriga yildan-yilga yangi xizmat turlari koʻshilib borayotgani ham ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish bilan birga, aholiga yanada keng qulayliklar yaratmoqda. Misol uchun, joriy yil davomida xorijiy davlatlarda umumiy oʻrta, oʻrta va oliy taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni nostrifikatsiya qilish, tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish, yer osti suvlariga kuduq oʻrnatish uchun burgʻulash ishlarini amalga oshirish boʻyicha ruxsatnoma berish singari 17 ta yangi xizmat turi qoʻshildi. Bundan tashqari, fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish, tugʻilish, nikoh, nikohdan ajralish va oʻlim haqidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha xizmatlar eksterritorial tarzda koʻrsatilmoqda. Yaʼni fuqaro mazkur hujjatlarni mamlakatimizning istalgan joyida turib, istalgan boshqa hududdan olish imkoni yaratildi.
Oʻtgan davr mobaynida davlat xizmatlari koʻrsatish tizimida 8 ming 861 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. Qonunbuzilish holatlarining 564 tasi hokimliklar, 108 tasi ichki ishlar idoralari, 914 tasi qurilish, 761 tasi soliq, 3 ming 492 tasi yer resurslari va davlat kadastr xizmati, 217 tasi davlat sanitariya-epidemologiya nazorat markazi, 30 tasi ijtimoiy taʼminot idoralari, 26 tasi taʼlim muassasalari, 441 tasi “Oʻztransgaz” tizimi, 1 ming 399 tasi “Oʻzbekenergo” tizimi, 224 tasi kommunal xizmat koʻrsatuvchi idoralar hissasiga toʻgʻri kelgan. Aniqlangan qonunbuzilishlar boʻyicha 26 ta taqdimnoma kiritildi, 146 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 92 million 400 ming soʻm miqdoridagi jarima jazosi qoʻllanildi. Anjumanda ana shu tizimlar bilan ishlash, bu kabi salbiy holatlarning oldini olish boʻyicha ishlarni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Davlat xizmatlari koʻrsatish agentligi tizimidagi xodimlar kasbiy malakasini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, bir guruh xodimlar Rossiya, Gruziya, Qozogʻiston singari qator xorijiy davlatlarda malaka oshirib qaytdi. Faoliyati jarayonida taʼmagirlik, tovlamachilikka yoʻl qoʻygan xodimlarga nisbatan keskin choralar koʻrilmoqda. Oʻtgan davr davomida turli xatoliklarga yoʻl qoʻygan 25 nafar xodimga nisbatan intizomiy chora koʻrilgan boʻlsa, 1 nafar xodim oʻz vazifasidan ozod etildi.
Tizimda “Sirli mijoz” tadbirlari oʻtkazilishi koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati va shaffofligini taʼminlash, soha xodimlarining kasbiy darajasini, halol va toʻgʻri ishlashini aniqlashda qoʻl kelmoqda.
Davlat xizmatlari koʻrsatish markazlarida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati va saviyasini oshirish, aholiga qator qulayliklar yaratish, faoliyatga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalalariga, shuningdek, soha faoliyati haqida aholini yanada kengroq xabardor etish uchun targʻibot ishlari samaradorligini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Barcha markazlarda Wi-Fi internet zonasi yaratildi. Bu xizmatlar tezkorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Anjumanda hozir Andijon shahri, Asaka, Marhamat, Ulugʻnor, Oltinkoʻl tumanlarida davlat xizmatlari koʻrsatish markazlarining yangi binolari barpo etilayotganligi, shu bilan birga, Boʻz, Buloqboshi, Shahrixon, Izboskan, Paxtaobod tumanlaridagi davlat xizmatlari koʻrsatish markazlari joylashgan binolarda samarali faoliyat yuritish uchun zarur shart-sharoitlar yetarli darajada yaratilmaganligi qayd etildi.
Anjumanda ishtirokchilar tomonidan davlat xizmatlari markazlari faoliyati aholining vaqtini tejash, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, eng muhimi, korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi holatlarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etayotgani eʼtirof etildi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.