Xizmat ko‘rsatish sifati yuksalmoqda
Mamlakatimizda xususiylashtirish, ko‘chmas mulk bozori kabi sohalarda xalqaro tajribaga asoslangan tartiblarning joriy etilishi ish sifati va samaradorligini yanada oshirish imkonini bermoqda.
Mamlakatimizda xususiylashtirish, ko‘chmas mulk bozori kabi sohalarda xalqaro tajribaga asoslangan tartiblarning joriy etilishi ish sifati va samaradorligini yanada oshirish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni ko‘chmas mulk bozorida ish yurituvchi – rieltorlar faoliyatini tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida sohani yanada takomillashtirish, faoliyatga ilg‘or tajribalarni qo‘llash, savdo qatnashchilariga keng sharoit yaratib berish, oshkoralikni ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.
Ko‘chmas mulk bozorida aholi va tadbirkorlik subyektlariga mulk va unga egalik qilish huquqini rasmiylashtirish, kimoshdi savdolarini tashkil etish borasidagi xizmatlar uzluksizligini ta’minlashda “Ko’chmas mulk savdo xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Andijon viloyati filiali tomonidan ham muayyan ishlar qilinmoqda.
Filialimiz sohaga oid qonunlar, farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash, savdolarni oshkora va yuqori saviyada o‘tkazish, xaridorlarga qulayliklar yaratish bo‘yicha ish yuritmoqda. Maxsus malaka va bilimga ega mutaxassislarimiz tomonidan savdoda qatnashish istagini bildirayotgan mijozlarga zarur tavsiya va maslahatlar, auksion savdolarda ularning qatnashishi uchun qulay sharoitlar yaratib berilmoqda.
Yirik korxonalar, tuman va shahar hokimliklari hamda banklar bilan ularning avtotransport vositalari va ko‘chmas mulklari sotuvini tashkil qilish bo‘yicha shartnomalar tuzganmiz. Joriy yilning to‘qqiz oyida 4,5 milliard so‘mga teng mulklar oldi-sotdisi amalga oshirildi.
Ayni vaqtda auksion savdolarini talab darajasida tashkil etish uchun zamonaviy texnika va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan savdo zali xizmatidan foydalanmoqdamiz. Savdolar savdo qatnashchilari uchun qulay kun va vaqtlarga belgilanayotgani, taqdim etilayotgan mulklarga xaridorlarni kengroq jalb qilish, rieltorlik faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilayotgani ishimiz samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Prezidentimizning 2012-yil 18-iyulda qabul qilangan “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash, erkin faoliyat yuritishi uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.
Tadbirkorlik subyektlariga marketing, maslahat va konsalting xizmatlari ko‘rsatilmoqda, savdoga qo‘yilgan mulklar haqida tegishli ma’lumotlar taqdim etilayotir. Ishbilarmonlarning savdolarda qatnashishi uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishga yordam ko‘rsatilayotgani ularning ishini yengillatmoqda.
O‘z veb-saytimizga doimiy ravishda savdoga qo‘yilgan mulklarga oid ma’lumotlar, ularning ro‘yxati kiritib borilayotir.
Hayotimizdan tobora keng o‘rin olayotgan mulk savdolari sohasi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan filialimiz mutaxassislari o‘z zimmasidagi vazifalarni talab darajasida ado etish, boshqacha aytganda, mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada yuksalashtirishga munosib hissa qo‘shishga harakat qilmoqda.
Oybek Hoshimov,
“Ko’chmas mulk savdo xizmati”
mas’uliyati cheklangan jamiyatining
Andijon viloyati filiali direktori.