Xiva gilamlarining jilosi o‘zgacha
Joriy yilning 9 oyida Xorazmga 140 dan ortiq xorijiy davlatlardan ikki millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich mahalliy sayyohlar bilan qo‘shib hisoblansa, sakkiz milliondan ortadi.
Sayyohlar oqimining ortishida viloyatda yil davomida o‘tkazilayotgan 10 dan ortiq xalqaro festivallar, 20dan ortiq mahalliy ommaviy tadbirlarning ahamiyati katta. “Xalqaro baxshichilik san’ati”, “Qovun sayli”, “Lazgi” xalqaro festivallari, “Strongmen” xalqaro bahodirlar o‘yini, “Xorazm xonlari milliy taomlari” xalqaro gastronomik festivali hamda Xorazm xalqaro investitsiyalar forumi kabi xalqaro tadbirlar shular jumlasidandir.

Shu oyning 18-19 sanalarida esa “Gilamlar jilosi” xalqaro gilam ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
Xorazm viloyat hokimligi, "Hunarmand" uyushmasi va Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etiladigan xalqaro tadbirda mahalliy va xorijiy hunarmandlar, olimlar, soha mutaxassislari hamda faxriy mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 15 noyabrdagi "2024-2026 yillarda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida mazkur ko‘rgazmani o‘tkazish yuzasidan viloyat hokimligiga ham bir qator vazifalar belgilab berilgan. Ayni damda viloyatda ushbu tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish uchun katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

--Bugungi kunda ikki ming ikki yuzdan ortiq hunarmandlar faoliyat yuritib, ularning 11 mingdan ortiq shogirdlari mavjud,-- deydi Respublika “Hunarmand” uyushmasi Xorazm viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Bobojonov. – Gilamdo‘zlik bilan shug‘ullanadigan hunarmandlar viloyatimizda yuzlab topiladi. Chunki, qadimdan momolarimiz yosh qizlarga, kelinlarga bolaligidan ip yigirishni, rang tayyorlash va gilam to‘qishni milliy qadriyat va an’ana sifatida o‘rgatishgan. Mazkur ko‘rgazma orqali bu an’analarimiz yanada kengayadi. Xorazm gilamchiligi dunyoga yuz tutadi, desam adashmayman.
Xiva shahridagi yangi turistik majmua “Arda Xiva”da o‘tkaziladigan xalqaro gilam ko‘rgazmasiga o‘ndan ortiq xorijiy davlatlardan hamda mamlakatimizning barcha hududlaridan gilamchilik sohasi vakillari kelishi kutilmoqda.
--Shu yozda men Xiva shahridagi gilamchilik fabrikasida, shuningdek, gilamdo‘z hunarmandlar ustaxonalarida bo‘ldim,-- deydi Yaponiyaning Kinjo Gakuin universiteti professori Ando Reiko. – Fabrikada ishlab chiqarilayotgan turli gilamlar nafaqat O‘zbekistonda sotilmoqda, balki butun dunyoga eksport qilinayotgan ekan. Ayniqsa, usta-shogird an’anasining asrlar davomida saqlanib kelayotgani Xorazm gilamchiligi yana asrlar osha rivojlanishini bildiradi. Hunarmadlarning qo‘l mehnati bilan tayyorlangan gilamlar 20 ming dollargacha sotilayotgani uning qiymatini ham bildiradi.
Xorazmning barcha hududlarida xalq amaliy san’atining o‘ziga xos markazlari bo‘lib, Tuproqqal’a tumanida ham bunday qadriyatlar saqlanib kelmoqda. Tumandagi "Barkamol avlod" bolalar maktabining "Gilamdo‘zlik" to‘garagi shug‘ullanuvchisi 14 yoshli Ayperi Atayeva qiziqishi tufayli 2 yildan buyon gilamdo‘zlik sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganmoqda.
--Men to‘qigan gilamlarim respublikamizda o‘tkazilgan bir necha ijodiy ko‘rgazmalarda ishtirok etib, xorijlik ishqibozlarga ma’qul keldi,--deydi Ayperi Atayeva. -- Ayrim mahsulotlarimni sotib ham olishdi. Shu kungacha sotgan eng qimmat gilamim 200 AQSH dollari bo‘lib, hunarim ortidan har oyda 1-2 million atrofida daromad ham qilaman. Mening maqsadim o‘zbek-turkman gilamchiligini rivojlantirib, shu orqali O‘zbekistonni butun dunyoga tanitishdan iborat. Yaqinda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazma esa bunga imkon yaratadi, deb o‘ylayman.
Mamlakatimizda qadimdan milliy qadriyat sifatida rivojlanib kelayotgan gilamdo‘zlik an’analarini asrab-avaylash, ilmiy tadqiq etish, xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish va keng targ‘ib etish, an’anaviy usulda gilam to‘qiyotgan usta-hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi hamda xorijiy sayyohlarning an’anaviy gilamdo‘zlikka qiziqishini uyg‘otish, an’anaviy gilamdo‘zlik bozorini rivojlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazma doirasida “O‘zbek gilamdo‘zligi: an’ana va innovatsiya” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, savdo, investitsiya va qo‘shma hamkorlik loyihalari bo‘yicha bir qator shartnoma va bitimlar imzonalishi ham kutilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA