Xitoyning tog‘-kon sanoatidagi ilg‘or tajribasi o‘rganildi
O‘zbekistonda tog‘-kon sanoatini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, mineral resurslardan samarali foydalanish va sohada raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida Xitoy bilan tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu maqsadda joriy yilning 5-18-avgust kunlari Pekin va Sian shaharlarida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda tizim tashkilotlarining strategik rivojlantirish va transformatsiya yo‘nalishida faoliyat yurituvchi xodimlari ishtirokida o‘quv seminari tashkil etildi.
Seminar davomida Xitoyning geologiya va tog‘-kon sohasini rivojlantirish, mineral resurslardan oqilona foydalanish, ekologik monitoringni tashkil etish hamda ESG tamoyillarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha yondashuvlari atroflicha o‘rganildi.
Bu jarayonda sohada zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va barqaror rivojlanishni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘rganishlar amaliy tashriflar bilan ham davom ettirilib, ishtirokchilar Sian shahrida geologik qidiruv jarayonlarini raqamlashtirishga xizmat qiluvchi “Geosite” tizimi bilan tanishdi. Shuningdek, yirik sanoat korxonalari faoliyati o‘rganilib, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, resurslardan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy yechimlar tahlil qilindi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tadbir davomida olingan ilg‘or tajribalar O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatida sohani raqamlashtirish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish va ekologik standartlarni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA