Xitoyning eng boy odami Oʻzbekistonga koʻmaklashadi
Insonparvarlik yordami yuklangan ilk reys bugunning oʻzida Hindistonga uchdi. Tibbiy buyumlar navbati bilan qolgan davlatlarga ham yuboriladi.
Xitoyning eng boy kishisi Jek Ma va “Alibaba” jamgʻarmasi “Covid-19” nomli koronavirus pandemiyasiga qarshi xalqaro miqyosda kurashish doirasida Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Hindiston, Vyetnam va Butan davlatlariga tibbiy yordam ajratdi. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi maʼlum qilgan.
Ushbu yetti mamlakatga Jek Ma va “Alibaba” jamgʻarmasi birgalikda jami 1,7 millionta tibbiy niqob, 165 ming “Covid-19”ga test toʻplami, shuningdek shifokorlar uchun kimyoviy himoya vositalari, turli tibbiyot uskunalari, jumladan termometr va ventilyatorlar joʻnatadi.
“Biz “Covid-19”ga qarshi kurashda jahon hamjamiyati bilan birgamiz, vaziyatni yaxshi tomonga oʻzgartirish uchun qoʻlimizdan keladigan barcha ishni qilamiz”, — deyiladi Jek Ma Fondi matbuot xizmati xabarnomasida.
Insonparvarlik yordami yuklangan ilk reys bugunning oʻzida Hindistonga uchdi. Tibbiy buyumlar navbati bilan qolgan davlatlarga ham yuboriladi.
Eslatib oʻtish joiz, oʻzining xayriya faoliyati bilan butun dunyoga dong taratgan, asosan internet-magazin shaklida faoliyat olib boradigan “Alibaba Group” kompaniyasi rahbari, milliarder Jek Ma bundan avvalroq Rossiyaga ham koronavirusga qarshi kurashish uchun gumanitar koʻmak ajratgandi.
Eslatib oʻtamiz, Xitoyda koronavirus epidemiyasiga qarshi kurash eng avj nuqtasiga chiqqan bir paytda Oʻzbekiston ham ushbu mamlakatga ikki partiya gumanitar yordam joʻnatgan.