Xitoyning eksport yo‘nalishi o‘zgardi
XXR 2025 yil dunyoga rekord darajada mahsulot sotdi. Raqamlar chiroyli, biroq bu yutuq ortida eksport savdosi bilan shug‘ullanuvchi minglab xodimlarning og‘ir mehnati va ruhiy bosimi yashirin.
AQSH Prezidenti Donald Tramp tarifni keskin oshirgach, buyurtma kamaydi. Natijada Xitoy kompaniyalari Janubiy Amerika, Afrika va Osiyoning kamroq daromadli bozorlariga yuzlandi. Binobarin, yangi yo‘nalishlarda katta foyda ko‘rilmaydi, balki mayda, mashaqqatli buyurtmalarga erishiladi. "Reuters" tahlilida masalaning shu jihatlariga e’tibor qaratilgan.
Savdo xodimlari daromad kamligi, ish ko‘pligi va istiqbol noaniqligidan nolimoqda. Ulkan hajmli, tez erishiladigan kelishuvlarga asoslangan AQSH bozori o‘rnini uzoq savdolashuv, doim kechikadigan to‘lov va o‘ta tavakkalchilik xususiyatiga ega xaridorlar egallayapti. Komissiya kamaydi, ish vaqti esa uzaydi.
Ba’zilar uchun bunday “eksport silkinish”i sog‘liq bilan bog‘liq muammolarni yuzaga chiqarmoqda: uyqusizlik, stress, ruhiy charchoq. Yangi bozorlar sabrni sinaydi, oylab davom etadigan muloqot bir necha dollarlik foyda bilan yakunlanmoqda.
Iqtisodchilar ogohlantirishicha, tashqi bozorlar hisobiga o‘sish uzoq muddatli yechim emas. Ichki iste’mol zaif bo‘lib qolarkan, kompaniyalar xorijda bir-biri bilan raqobatga kirishadi. Xullas, daromad bor, foyda esa sezilmaydi.
Musulmon Ziyo, O‘zA