Xitoyga tashrif davom etmoqda
Xitoy davlatida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Jo‘qorg‘i Kenges raisi Amanbay Orinbayev rahbarligidagi Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Sian Raqamli texnologiyalar assotsiatsiyasi rahbari hamda raqamli texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda zamonaviy raqamli texnologiyalari, data markazlari va raqamli infratuzilma sohasida hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya va agrar innovatsiyalar sohasida faoliyat yurituvchi kompaniya rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, tuproq namligini saqlovchi biomateriallar, cho‘llanishga qarshi kurashish texnologiyalari, dorivor o‘simliklardan ekstrakt olish, sut yo‘nalishidagi qoramolchilik, kosmos texnologiyalari asosida agrar seleksiya sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shu kunning o‘zida maishiy texnika, qurilish oynalari va shisha mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida faoliyat yurituvchi “Shaanxi Tianrun Technology Co., Ltd.” bosh direktori Jang Eryan hamda “Taiwan Glass Group” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvlarda Qoraqalpog‘istonda maishiy texnika, shisha va qurilish materiallari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari yuzasidan muloqot o‘tkazildi.

Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA